Eslatib o‘tamiz, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 29 aprel – 1 may kunlari O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘ldi.
«Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish strategik xususiyat kasb etishini qayd etdilar», - deyiladi bayonot matnida.
Davlat rahbarlari 2017 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmining sezilarli darajada oshganligini mamnuniyat bilan ta'kidladilar hamda yaqin yillarda uni 5 milliard AQSh dollariga ko‘tarishga qat'iy tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Turkiya tomoni Turkiya tadbirkorlarining O‘zbekistonga investitsiya kiritishlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanligini yana bir bor tasdiqladi, O‘zbekiston tomoni esa Turkiya investorlari uchun investitsiya kiritishni yengillashtirish va protseduralarni soddalashtirishda zarur ko‘mak berishga tayyorligini ma'lum qildi.
Tomonlar energetika va tog‘-kon, shu jumladan, qayta tiklanadigan energiya, energiya samaradorligi va uglevodorodlar sohalarida hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirish hamda ma'lumot va tajriba almashish imkoniyatlarini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladilar.












