Yangi HP ProBook x360 Education Edition netbuk-transformeri ixchamligi va yuqori unumdorligi bilan ajralib turadi. 11,6 diagonal, 1336×768 pikselli sensor ekran ko‘zni toliqtirmaydigan aniq tasvirni yetkazib beradi. Zarurat tug‘ilgan taqdirda, displey 360 darajagacha bukiladi. Ishlab chiqaruvchining fikricha, Intel Celeron protsessorlar, 4 Gb operativ xotira, 64 Gb vinchester ta'lim ilovalari va matnli tahrirlar bilan ishlash uchun yetarli. 

Noutbuk simsiz Wi-Fi 802.11a/b/g/n/ac, Bluetooth 4.2, ikki kamera, microSD sloti, USB 3.1 (×2) va USB Type-C ulagichlari, 1.4b'li HDMI interfeysi va quloqchinlar uchun 3,5 mm'li audiochiqish bilan ta'minlangan. To‘liq zaryadlangan batareya 11 soatlik avtonom faoliyat uchun yetadi. Windows 10 S operatsion tizimda ishlovchi HP ProBook x360 Education Edition narxi 299 dollarni tashkil qiladi. To‘laqonli Windows 10'li noutbuk bahosi - 329 dollar.

Shuningdek Acer'ning 360 darajali mexanizm bilan ta'minlangan TravelMate Spin B1 Convertible noutbuki shunga o‘xshash parametrlarga ega, biroq ekran biroz boshqacharoq - 1920x1080 piksel. Firma stilusi ham to‘plam tarkibiga kiradi. Bir martalik zaryadda ishlash vaqti - 13 soat. Windows 10 S platformasida ishlovchi bu yangi qurilma narxi ham 299 dollar, Windows 10'li versiyasi biroz qimmatroq - 399,99 dollar.