5-avgust kuni Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan “Samarqand-2028” va “Lampung-1” giperspektral sun’iy yo‘ldoshlari uchiriladi.
Uchirish Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
“Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshi «O‘zbekkosmos» agentligi va STAR.VISION kompaniyasi o‘rtasida imzolangan strategik memorandum doirasidagi hamkorlik natijasi hisoblanadi.
Mazkur giperspektral sun’iy yo‘ldoshga “Samarqand-2028” nomi Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida 2028-yilgi kongressni Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qaror sharafiga tanlangan.
Loyiha doirasida «O‘zbekkosmos» agentligi mutaxassislari tomonidan sun’iy yo‘ldosh borti uchun maxsus sun’iy intellekt moduli ishlab chiqildi. Mazkur modul giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini berib, Yer yuzasini masofadan zondlash samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Olingan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish va boshqa yo‘nalishlarda foydalanish rejalashtirilgan.











