Visual Capitalist tomonidan Jahon banki hamda Our World in Data platformasi ma’lumotlari asosida tayyorlangan infografikada mamlakatlar aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qayta tiklanuvchi chuchuk suv zaxiralari bo‘yicha taqqoslangan.
Unga ko‘ra, Islandiya ushbu reytingda mutlaq yetakchi hisoblanadi. Mamlakatda har bir aholi hissasiga yiliga taxminan 15,7 million kub fut, ya’ni qariyb 445 ming kub metr qayta tiklanuvchi chuchuk suv to‘g‘ri keladi.
Mutaxassislar bu ko‘rsatkichni mamlakatdagi ko‘plab muzliklar, yil davomida yog‘adigan serob yog‘ingarchilik va aholining nisbatan kamligi - taxminan 400 ming kishi ekani bilan izohlaydi. Shu omillar Islandiyani aholi jon boshiga chuchuk suv bilan eng yaxshi ta’minlangan davlatlardan biriga aylantirgan.
Reytingda keyingi o‘rinlarni Gayana va Surinam egallagan. Bu mamlakatlarda tropik iqlim tufayli yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lib, sersuv daryolar tarmog‘i yaxshi rivojlangan. Shu bilan birga, aholi soni nisbatan kamligi suv resurslarining aholiga to‘g‘ri keladigan ulushini oshiradi.
Tahlilda qayd etilishicha, umumiy suv zaxirasi katta bo‘lgan mamlakatlar har doim ham aholi jon boshiga suv ta’minoti bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallamaydi. Masalan, Kanada dunyodagi eng katta chuchuk suv zaxiralaridan biriga ega bo‘lsa-da, ularning katta qismi aholi yashaydigan va qishloq xo‘jaligi rivojlangan hududlardan ancha uzoqda joylashgan.
Xuddi shunday holat Rossiya va Braziliya uchun ham xos. Bu mamlakatlarda qayta tiklanuvchi suv resurslari ulkan hajmni tashkil etsa-da, aholi soni ko‘pligi sababli bir kishiga to‘g‘ri keladigan suv miqdori reytingda pastroq baholanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatning umumiy suv zaxiralari katta bo‘lishi uning barcha hududlari suv bilan bir xil ta’minlanganini anglatmaydi. Agar asosiy suv manbalari aholi zich joylashgan yoki qishloq xo‘jaligi rivojlangan hududlardan uzoqda bo‘lsa, ayrim mintaqalarda suv tanqisligi yuzaga kelishi mumkin.
Dunyoda chuchuk suvga eng boy davlatlar ma’lum bo‘ldi
08:176 9023 min
Jahonda chuchuk suv zaxirasi eng ko‘p bo‘lgan mamlakatlar haqidagi yangi reyting e’lon qilindi. Tahlil umumiy suv zaxirasi emas, balki aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qayta tiklanuvchi chuchuk suv hajmi asosida tuzilgan bo‘lib, unda Islandiya katta farq bilan birinchi o‘rinni egalladi.











