Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 4-avgust kuni soat taxminan 05:30 larda Yashnobod tumani Shirinobod mahallasi hududida 2004-yilda tug‘ilgan M.X. mast holatda keksa ayolga nisbatan uyatsiz buzuq harakat sodir etgan.

Shundan so‘ng u voqea joyidan ketishga uringan. Biroq atrofdagi fuqarolar uni ushlab qolib, ichki ishlar organlari xodimlariga topshirgan.

Holat yuzasidan Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan M.X.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi («Mayda bezorilik»), 187-moddasi («Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish») va 194-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik») bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudiga yuborilgan.