AQSh prezidenti Donald Tramp Air Force One samolyoti bortida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarning yangi bosqichi 3 avgust kuni start olishini bildirdi.
Trampning aytishicha, Oq uy Eronga qarshi navbatdagi harbiy zarbalarni amalga oshirishdan vaqtincha voz kechgan. Bu qaror diplomatik muzokaralarga imkoniyat yaratish va mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish maqsadida qabul qilingan.
«Bu ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qoladi», - dedi AQSh prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, ehtimoliy kelishuv nafaqat Eron yadroviy dasturi, balki jahon neft tashuvida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq masalalarni ham qamrab olishi mumkin.
«Men kelishuvga erishishni afzal ko‘raman. Men odamlarni o‘ldirishni yoqtirmayman», - dedi Tramp. Shu bilan birga, u zarurat tug‘ilsa, AQSh istalgan vaqtda Eronga qarshi yangi harbiy amaliyotlarni boshlashi mumkinligini ham qayd etdi.
Bir kun avval Tramp AQSh va Isroil Eron hamda Yaqin Sharq davlatlarining murojaatidan so‘ng Tehronga rejalashtirilgan navbatdagi hujumni kechiktirganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Eronga qarshi Ikkinchi jahon urushidan buyon kuzatilmagan darajadagi harbiy kuch ishlatishga tayyor bo‘lgan, ammo «butun dunyo kelajagi manfaati yo‘lida» va Eron bilan kelishuvning asosiy shartlari muvofiqlashtirilgani sababli bu rejadan vaqtincha voz kechilgan.
Ma’lumot uchun, AQSh avval ham Eronga qarshi rejalashtirilgan zarbalarni bir necha bor ortga surgan. 2026 yil iyun oyida Vashington va Tehron o‘rtasida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlashni nazarda tutuvchi anglashuv memorandumi imzolangan edi. Biroq keyinchalik AQSh Eronni kelishuv shartlarini buzganlikda ayblab, harbiy amaliyotlarni qayta tiklagan.
So‘nggi zarbalardan biri 30 iyul kuni amalga oshirildi. AQSh harbiylari Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining o‘nlab ob’yektlari, jumladan qo‘mondonlik markazlari hamda raketa va dronlarni uchirish infratuzilmasiga hujum qilgan.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, zarbalardan biri Keshm orolidagi turar joy hududiga ham tegib, kamida uch kishi halok bo‘lgan.












