Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq, talabalar 1 avgustdan boshlab elektron tarzda ariza yuborishlari mumkin. Imtiyozli toifadagi talabgorlar qabul qilingach, qolgan o‘rinlar umumiy navbat asosida taqsimlanadi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, bo‘sh o‘rinlarning 55–65 foizi 1-kurs, 15–20 foizi 2-kurs, 20–25 foizi esa 3-kurs va undan yuqori bosqich talabalari uchun ajratiladi.

Arizalar qabuli o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga tavsiya etilgan abituriyentlar esa qabulning yakuniy natijalari e’lon qilingach, ariza yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi tartibga ko‘ra, talabalar uchun yana bir qulaylik joriy etildi. Endi talabalar turar joyiga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari kompozit (birlashtirilgan) xizmat orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Elektron shartnoma bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgach, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish xizmati ham avtomatik ishga tushadi va talabaga ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi qayd varag‘i taqdim etiladi.