Ukrainaning «Ukrinform» agentligi xabar berishicha, bu haqda Bosh prokuror ofisi matbuot kotibi Maryana Gayevskaya-Kovbasyuk ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, murojaat ko‘rib chiqilmoqda, ammo hozircha uning asosida hech qanday jinoyat ishi rasman ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.
Reuters agentligining qayd etishicha, hozircha Lukashenkoning Ukraina sudi oldida javobgar bo‘lishi ehtimoli juda past. Biroq jinoyat ishi ochilsa, u Kiyev va Belarus muxolifati uchun g‘arb davlatlarini Minskka bosimni kuchaytirishga chaqirishda huquqiy asos sifatida xizmat qilishi mumkin.
Tashabbus Belarus muxolifati vakillaridan chiqqan. Xususan, asoschilaridan biri sobiq prezidentlikka nomzod Valeriy Tsepkalo bo‘lgan Demokratik kuchlar forumi Zelenskiy ofisiga murojaat qilib, Lukashenkoning Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi va Belarus hududidan Rossiya qo‘shinlari bosqin uchun foydalanishiga huquqiy baho berishni so‘ragan.
Murojaat mualliflari Lukashenkoga nisbatan agressiv urush olib borish, harbiy jinoyatlar, terrorizmni moliyalashtirish, Ukraina hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish, genotsid hamda urush targ‘iboti kabi moddalar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni taklif etgan.
Belarus muxolifati tomonidan e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, Zelenskiy ofisi murojaatni ko‘rib chiqib, uni huquqiy baho berish uchun Ukraina Bosh prokuroriga yuborgan. Hozirda prokuratura mazkur taklif yuzasidan qaror qabul qilish jarayonini davom ettirmoqda.











