Norasmiy Maslahat uchrashuvi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti, Qirg‘iziston prezidenti va Tojikiston prezidenti musobaqaning ochilish marosimida qatnashib, sportchilar hamda mehmonlarni qutladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga sportchilarning saralash poygasini kuzatdi.

Qirg‘iziston Gran-prisi Xalqaro suv-motor sporti ittifoqi (UIM) shafeligida tashkil etilayotgan va «suvdagi Formula-1» nomi bilan tanilgan F1H2O jahon chempionatining ikkinchi bosqichi hisoblanadi. Unda har yili turli mamlakatlardan professional jamoalar va sportchilar ishtirok etadi.

Bu yilgi musobaqa Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Musobaqa dasturidan mashg‘ulotlar, saralash bosqichi hamda soatiga 220 kilometrdan ortiq tezlikda harakatlanuvchi tezyurar qayiqlardagi asosiy poyga o‘rin olgan.