Fiskal tahlillar instituti 30 iyul kuni o‘tkazilgan Fiskal muloqotda O‘zbekistonda uglerod solig‘ini bosqichma-bosqich joriy etish taklifini ilgari surdi.
Institutning Yashirin iqtisodiyot, soliq va bojxona ma’murchiligini tahlil qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi Fazliddin Shamsiyevning aytishicha, yangi soliq faqat yirik sanoat korxonalari, ya’ni katta hajmda issiqxona gazlari va boshqa zararli chiqindilar chiqaradigan sub’yektlarga nisbatan qo‘llanadi.
Taklifga ko‘ra, soliq bazasi korxonalarning atmosferaga chiqarayotgan emissiyalari hajmi yoki uglerod chiqindisini yuzaga keltiruvchi yoqilg‘i iste’moli asosida belgilanadi.
Shamsiyevning ta’kidlashicha, dastlab eng yirik emissiya manbalari soliqqa tortiladi, keyinchalik esa tizimning qamrovi bosqichma-bosqich kengaytiriladi.
Institut rejasiga ko‘ra, 2027 yil - tayyorgarlik bosqichi, issiqxona gazlari inventarizatsiyasini o‘tkazish, soliq bazasi va stavkalarini ishlab chiqish; 2028 yildan uglerod solig‘ini joriy etish; 2029–2030 yillarda qamrov va stavkalarni bosqichma-bosqich kengaytirish nazarda tutilmoqda.
“Faqat soliq bilan cheklanib qolmaslik kerak”
Muhokama davomida soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov uglerod solig‘i joriy etilishida ayrim xavflarga e’tibor qaratdi.
Uning fikricha, yangi tizim “chiqindini chiqaraverish mumkin, faqat solig‘ini to‘lash kerak” degan yondashuvni shakllantirmasligi kerak.
Muhammadjonovning aytishicha, ayniqsa issiqxona xo‘jaliklari orasida zararli chiqindilarni kamaytiruvchi filtrlar o‘rnatish masalasi ko‘tarilmoqda, biroq O‘zbekistonda bu boradagi texnik standartlar yetarli darajada shakllanmagan.
“Dunyoda gaz chiqindilarini filtrlash bo‘yicha bir necha standartlar mavjud. O‘zbekiston esa hozircha ularning birortasini to‘liq qabul qilmagan. 99 foiz tejamkorlik bo‘lishi kerak degan talab bor, ammo bu qaysi mezon asosida belgilanishi aniq emas”, - dedi u.
Mutaxassisning fikricha, yangi soliq tizimi ishlab chiqilayotganda korxonalarning zamonaviy filtrlash uskunalari o‘rnatishi ham rag‘batlantirilishi lozim.
Muhammadjonov issiqxona xo‘jaliklari yetishtirayotgan mahsulotlarning katta qismi eksport qilinishini eslatib, ekologik standartlar masalasi xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikka ham ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda issiqxona maydonlarini kengaytirish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ayrim hududlarda ming gektarlab yangi issiqxonalar tashkil etish rejalari e’lon qilingan.
Shu sababli mutaxassislar uglerod solig‘i joriy etilishidan oldin chiqindilarni hisoblash metodikasi, filtrlash uskunalari standartlari va ekologik talablarni aniq belgilash zarurligini qayd etmoqda.
Aks holda, yangi soliq bir tomondan byudjyet daromadlarini oshirishi mumkin bo‘lsa-da, ikkinchi tomondan korxonalar uchun qo‘shimcha xarajatlar va noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Uglerod solig‘i nima?
Uglerod solig‘i - atmosferaga chiqarilayotgan karbonat angidrid va boshqa issiqxona gazlari hajmiga qarab undiriladigan ekologik soliq hisoblanadi.
Bunday mexanizm korxonalarni energiya samaradorligini oshirishga, ekologik texnologiyalarni joriy etishga va zararli chiqindilarni kamaytirishga rag‘batlantirish maqsadida qo‘llanadi.
Bugungi kunda Shvetsiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya, Singapur va Janubiy Afrika kabi o‘nlab davlatlarda uglerod solig‘i yoki emissiya savdosi tizimlari amal qiladi.
Yevropa ittifoqi esa 2026 yildan boshlab karbonat sig‘imi yuqori mahsulotlarga nisbatan transchegaraviy uglerod mexanizmini (CBAM) bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Bu esa eksport qiluvchi davlatlar uchun ekologik standartlarga moslashishni tobora dolzarb masalaga aylantirmoqda.











