Fiskal tahlillar instituti 30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Fiskal muloqotda palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etishni taklif qildi. Institut vakillariga ko‘ra, bunday choradan maqsad zararli mahsulot iste’molini kamaytirish va davlat byudjyeti daromadlarini oshirishdan iborat.

Institutning Yashirin iqtisodiyot, soliq va bojxona ma’murchiligini tahlil qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi Fazliddin Shamsiyevning aytishicha, aksiz solig‘i odatda inson salomatligi uchun zararli deb topilgan mahsulotlarga nisbatan qo‘llanadi.

Uning ta’kidlashicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti palma yog‘ini to‘yingan yog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulot sifatida baholaydi. Shuningdek, Jahon banki tadqiqotlarida ham palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etilishi uning iste’molini kamaytirishi va byudjyet daromadlarini oshirishi qayd etilgan.

Image

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga qariyb 12,8 ming tonna palma yog‘i import qilingan. O‘rtacha import narxi bir tonnasi uchun 1,4 ming dollarni tashkil etgan.

Shamsiyevning aytishicha, agar palma yog‘iga 10 foizlik aksiz solig‘i joriy etilsa, davlat byudjyetiga qo‘shimcha 22 milliard so‘m tushum tushishi mumkin.

“Yuk oxir-oqibat iste’molchiga tushadi”

Biroq muhokama davomida ushbu taklif yuzasidan e’tirozlar ham bildirildi.

Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov palma yog‘i bugungi kunda aholining kundalik iste’mol qiladigan ko‘plab mahsulotlari tarkibida mavjudligini ta’kidlab, aksiz solig‘ining yakuniy narxlarga ta’siri yetarli darajada hisobga olinmaganini aytdi.

Uning fikricha, import hajmi va byudjyetga tushadigan qo‘shimcha mablag‘ni hisoblashning o‘zi yetarli emas.

“Palma yog‘iga aksiz solig‘i qo‘ysak, byudjyet daromadi faloncha oshadi deyilyapti. Lekin u mamlakat ichiga kirib kelgandan keyin ishlab chiqarilgan mahsulot narxiga qanchalik ta’sir qilishi va bu ertaga xalqqa nisbatan yuk bo‘lishini ham hisobga olish kerak”, - dedi Muhammadjonov.

“Muammo aksizda emas, naqd savdoda”

Soliq maslahatchisi Umidbek Safarov esa muammoni boshqa tomondan ko‘rishni taklif qildi.

Uning aytishicha, palma yog‘i bevosita aholi iste’mol qiladigan mahsulot emas, balki ishlab chiqarishda xomashyo sifatida ishlatiladi. Shu bois asosiy e’tibor yangi soliq joriy etishga emas, ushbu mahsulot aylanmasining shaffofligini ta’minlashga qaratilishi kerak.

Safarovning ta’kidlashicha, import qilingan palma yog‘ining katta qismi keyinchalik naqd pul evaziga sotiladi va aynan shu holat yashirin iqtisodiyotning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

U palma yog‘i savdosini faqat bank o‘tkazmalari orqali amalga oshirish mexanizmini joriy etish yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qilishi mumkinligini aytdi.

“Agar palma yog‘ining keyingi harakatlarini nazorat qilib, uni naqd pulga emas, pul ko‘chirish yo‘li bilan sotishga o‘tsak, menimcha, uni yashirin iqtisodiyotdan chiqarib, oqqa olib chiqish imkoni bo‘ladi”, - dedi u.

Muhokama davomida ishtirokchilar palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etish masalasida faqat byudjyetga tushadigan qo‘shimcha daromad emas, balki uning oziq-ovqat mahsulotlari narxiga, iste’molchilarga va ishlab chiqaruvchilarga ta’siri ham alohida tahlil qilinishi lozimligini ta’kidladi.