“O‘zbekneftgaz” AJning 2026 yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha e’lon qilgan natijalari kompaniyada moliyaviy intizom, xarajatlarni qisqartirish va aktivlardan samarali foydalanish yo‘nalishida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Sof foydaning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 110 foizga oshgani nafaqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, balki boshqaruv qarorlari samarasi bilan ham bog‘liq.

Moliyaviy natijalar: o‘sish qayerdan keldi?

Hisobot davrida tovar mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 25,3 trln so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 106 foizga yetgan. Eksport hajmi 438 mln dollar, o‘zlashtirilgan investitsiyalar esa 475 mln dollar bo‘lgan. Bu raqamlar kompaniyaning yarim yillik natijalari asosan ishlab chiqarish hajmlari va tashqi bozor faolligi hisobiga qo‘llab-quvvatlanganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, foyda o‘sishida xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish va moliyaviy resurslarni maqsadli yo‘naltirish muhim omil bo‘lgan. Kompaniyada rejalashtirish, xarajatlar tahlili va ichki nazorat mexanizmlari kuchaytirilgani samarasiz sarflarni kamaytirishga imkon bergan.

Aktivlar samaradorligi: zararli yo‘nalishlar foyda manbaiga aylanmoqda

Tahlil nuqtai nazaridan e’tiborli jihatlardan biri - ilgari past samaradorlik bilan ishlagan ayrim aktivlarda ijobiy dinamika kuzatilganidir. “Uzbekistan GTL” zavodida quvvatlardan foydalanish darajasi 100 foizga yetkazilgan. Bu zavodning barqaror ishlashi kompaniya uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

AYoQShlar va neft bazalari misolida ham boshqaruv samaradorligi oshganini ko‘rish mumkin. Ilgari zarar bilan ishlagan AYoQShlarda kunlik sotuv hajmi 700 ming litrgacha oshgan. O‘tgan yili 14 ta neft bazasi 36 mlrd so‘m zarar bilan ishlagan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarim yilligida ularning 11 tasi 12,3 mlrd so‘m foydaga chiqqan.

Tayyor mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida sotishga o‘tish ham daromad bazasini kengaytirgan. Suyultirilgan gaz va oltingugurt realizatsiyasi mexanizmlari qayta ko‘rib chiqilishi natijasida qo‘shimcha 450 mlrd so‘m daromad olingan. Bu kompaniya uchun narx shakllanishi va sotuv siyosatini bozor talablariga yaqinlashtirish orqali qo‘shimcha imkoniyatlar ochilishini anglatadi.

Qarz yuki va xarajatlar: moliyaviy barqarorlikka ta’sir

Kompaniyaning moliyaviy barqarorligiga ta’sir qilgan yana bir omil - yuqori foizli kreditlarni qayta moliyalashtirishdir. 385 mln dollarlik kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari 9,5–12 foizdan 5,5–7,5 foizgacha pasaytirilgan. Buning natijasida 219 mlrd so‘m foiz xarajatlari iqtisod qilingan.

Kredit portfelining yil boshidagi 4,2 mlrd dollardan 3,9 mlrd dollargacha qisqarishi qarz yukini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan siyosat olib borilayotganini ko‘rsatadi. Xarajatlarni optimallashtirish dasturi doirasida 1,2 trln so‘m mablag‘ tejalgani esa operatsion samaradorlik moliyaviy natijalarga bevosita ta’sir qilayotganini tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, byudjyet va maqsadli jamg‘armalarga 4,1 trln so‘m to‘lov amalga oshirilgan. Ichki zaxiralardan foydalanish, jumladan, harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatini tashkil etish hisobiga 304 mlrd so‘m iqtisodiy samaraga erishilgani kompaniyaning ichki resurslardan foydalanish imkoniyatlari hali ham katta ekanini ko‘rsatadi.

Ishlab chiqarish: rejalar bajarilgan, ammo xavflar saqlanib qolmoqda

Hisobot davrida asosiy mahsulotlar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari asosan bajarilgan. Jumladan avtobenzin (reja 100%, o‘sish 100,8%), dizel (reja 128,0%, o‘sish 201,0%), aviakerosin (reja 100,0%, o‘sish 123,6%), suyultirilgan gaz (reja 119,0%, o‘sish 99,2%), polietilen (reja 100,0%) ishlab chiqarishda belgilangan vazifalar ijro etilgani ichki bozor barqarorligi va eksport imkoniyatlari uchun muhim omil hisoblanadi.

Yarim yillik hisobot yig‘ilishida Jamiyat Boshqaruv raisining qayd etishicha, avariyaviy to‘xtalishlar ko‘paygani ishlab chiqarish barqarorligi uchun jiddiy signal hisoblanadi. Bunday holatlar nafaqat reja ko‘rsatkichlariga, balki mahsulot tannarxi, yetkazib berish zanjiri va moliyaviy natijalarga ham ta’sir qilishi mumkin. Shu bois profilaktika, texnik xizmat ko‘rsatish va xavflarni boshqarish tizimini kuchaytirish ikkinchi yarim yillikda asosiy vazifalardan biri bo‘lishini qayd etadi A.Sanginov.

Ikkinchi yarim yillik: o‘sishni saqlab qolish uchun nimalar muhim?

Ikkinchi yarim yillikda kompaniya uchun asosiy masala - erishilgan moliyaviy natijalarni barqaror saqlab qolishdir. Buning uchun ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq va xavfsiz foydalanish, mavjud aktivlar samaradorligini oshirish hamda xarajatlarni nazorat qilish tizimini izchil davom ettirish talab etiladi.

Geologiya-qidiruv yo‘nalishidagi rejalar ham kelgusi o‘sish uchun muhim ahamiyatga ega. Buning uchun Jamiyat tarixida ilk bor bir yilning o‘zida geologiya-qidiruv yo‘nalishida yil davomida 12 ming kv km 3D seysmika ishlari (o‘tgan yilga nisbatan 4,7 barobarga ko‘p), 221 ta geologik texnik tadbir (1,8 barobarga ko‘p), 120 ta quduq burg‘ilash (2,2 barobarga ko‘p yoki 2-yarim yillikda 81 ta), 54 ta quduq ta’mirlash (1,4 barobarga ko‘p yoki 2-yarim yillikda 36 ta) va 47 ta texnologik tadbir (1,7 barobarga ko‘p yoki 2-yarim yillikda 23 ta)ni amalga oshirish rejalashtirilgan.

2026 yil yakuniga qadar 1 100 ming tonna avtobenzin (reja 106,8 %, o‘sish 106,7 %), 983,1 ming tonna dizel (reja 156,8 %, o‘sish 233,7 %), 310,0 ming tonna aviakerosin (reja 129,3 %, o‘sish 152,3 %), 606 ming tonna suyultirilgan gaz (reja 118,8 %, o‘sish 100,0 %), 137,2 ming tonna polietilen (reja 100, %, o‘sish 100,3 %) ishlab chiqarish rejasi belgilangan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish ishlab chiqarish intizomi, resurslar ta’minoti va texnik barqarorlikka bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Quduqlarni burg‘ilash ishlarini jadallashtirish uchun 9 ming metrgacha burg‘ilay oladigan 21 ta zamonaviy dastgohni xarid qilish rejalashtirilgan. Agar bu reja o‘z vaqtida amalga oshsa, quduqlar qurilishi muddatini qisqartirish va burg‘ilash ishlari qiymatini pasaytirish imkoni paydo bo‘ladi.

Bu - nafaqat raqam, balki qazib chiqarish barqarorligini ta’minlashga qaratilgan mutlaqo yangi sur’at va yangi yondashuvdir. Mazkur dasturni amalga oshirish uchun 9 ming metrgacha burg‘ilay oladigan 21 ta zamonaviy burg‘ilash dastgohi xarid qilinib, quduqlarni qurish muddati sezilarli qisqartiriladi hamda burg‘ilash ishlarida qiymat pasayadi. Biroq bu jarayonlar moddiy-texnika resurslari ta’minotiga ham bog‘liq. Shu sababli 45 turdagi muhim resurslarni yetkazib berishni jadallashtirish vazifasi ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ijtimoiy omil: kadrlar sharoiti ham samaradorlikka ta’sir qiladi

Yig‘ilishda xodimlar uchun mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash masalasiga ham e’tibor qaratilgan. Barcha ishchilar yotoqxonalarini ta’mirlash hamda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 160 o‘rinli zamonaviy yotoqxona qurilishini jadallashtirish vazifasi qo‘yilgan. Bu yo‘nalish ishlab chiqarish samaradorligiga bevosita ta’sir qiluvchi inson omili bilan bog‘liq.

Yarim yillik natijalar “O‘zbekneftgaz”da moliyaviy boshqaruv va operatsion samaradorlik bo‘yicha ijobiy siljishlar borligini ko‘rsatadi. Hisobot yig‘ilishida A.Sanginovning ta’kidlashicha, keyingi bosqichda kompaniya uchun asosiy vazifa faqat foyda o‘sishini qayd etish emas, balki uni barqaror tendensiyaga aylantirishdan iborat bo‘ladi. Bu esa ishlab chiqarish xavflarini kamaytirish, investitsion rejalarni o‘z vaqtida amalga oshirish va bozor mexanizmlaridan yanada samarali foydalanishga bog‘liq.