2026 yil 27 martda qabul qilingan “Islomiy bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash doirasida Adliya vazirligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan 10 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangilangan hujjatlar orqali banklar va banklar guruhlarida tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi, tijorat banklarining ko‘chmas mulk, boshqa mol-mulk hamda yuridik shaxslar ustav kapitalidagi ulushlarni sotib olishiga oid talablar takomillashtirildi.
Shuningdek, bir qarz oluvchi yoki o‘zaro bog‘liq qarz oluvchilar guruhi, jumladan bank bilan aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng yuqori miqdorini belgilash, tijorat banklarida korporativ boshqaruvni tashkil etish hamda banklarning Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasiga badallar to‘lashi tartibiga ham o‘zgartishlar kiritildi.
Adliya vazirligi qayd etishicha, mazkur huquqiy yangiliklar islomiy banklar faoliyatini tartibga solishning zamonaviy huquqiy mexanizmlarini shakllantirish, sohada barqarorlikni ta’minlash va islomiy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga xizmat qiladi.











