Adliya vazirligi tomonidan intellektual mulk ob’yektlariga beriladigan patent va guvohnoma shakllari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Tegishli hujjat 2026 yil 24 iyul kuni 3909-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Hujjatga muvofiq, intellektual mulk ob’yektlariga oid jami 12 turdagi patent va guvohnoma shakllari tasdiqlandi. Ular orasida ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, o‘simlik navi va hayvon zoti uchun patentlar, shuningdek, tovar belgisi, hammaga ma’lum tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi va geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqiga oid guvohnomalar mavjud.

Bundan tashqari, elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar, ma’lumotlar bazalari hamda integral mikrosxemalar topologiyalarining rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi guvohnoma shakllari ham tasdiqlandi.

Adliya vazirligi qayd etishicha, mazkur patent va guvohnoma shakllari intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni rasmiy tasdiqlash, ularning huquqiy himoyasini ta’minlash, shuningdek, mualliflar va boshqa huquq egalarining qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.