Transferlar bozorida doimgidek APL klublari faollik ko‘rsatmoqda. Jamoalar allaqachon tarkiblarini yangi futbolchilar bilan to‘ldirishdi, lekin qolgan bir oy davomida navbatdagi katta transferlar ham ro‘y berishi mumkin.

«Arsenal»

Kim kerak: chap qanot vingeri, markaziy yarimhimoyachi, hujumchi

Umuman olganda, «kanonirlar»da sifatli va keng tarkib mavjud – Mikel Arteta alohida o‘yinlarda ham, uzun mavsum davomida ham faol rotatsiya qilish imkoniyatiga ega. Ammo yanada kuchaytirishga zarurat bo‘lgan bir necha pozitsiyalar borki, transferlar bozoridagi so‘nggi mish-mishlar ham buni tasdiqlaydi.

So‘nggi kunlarda «Real» bilan shartnomasi tugashiga bir yil qolgan va yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmayotgan Vinisius haqida turli xabarlar chiqmoqda. ESPN va The Athletic nashrlari londonliklar rahbariyati ushbu braziliyalik yulduzni transfer qilish g‘oyasini bir ovozdan ma’qullashi haqida yozgan. «Arsenal»da chap qanot anchadan buyon oqsamoqda – o‘tgan mavsumda hujumlarning faqat 33 foizi shu qanotdan amalga oshirilgan, o‘ng qanotdagi ko‘rsatkich – 43 foiz. Qolaversa, bu yozda Leandro Trossar ham jamoani tark etdi. To‘g‘ri, «kanonirlar» allaqachon bu qanotga 40 million yevroga «Bryugge» vingeri Xristos Zolisni transfer qildi, ammo u hali Martinelli bilan qanchalik raqobatlasha olishi aniq emas.

Shuningdek, markaziy hujum chizig‘i bo‘yicha mavhum vaziyat yuzaga kelgan. Yokereshning transferini muvaffaqiyatsizlik deb bo‘lmaydi, ammo u baribir o‘zini superto‘purar sifatida ko‘rsata olmadi. Havers esa so‘nggi yillarda ko‘p jarohat olmoqda. Shunday ekan, «Arsenal» Hulian Alvares atrofidagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib borayotgani bejiz emas. Mish-mishlarga ko‘ra, «kanonirlar» argentinalik hujumchi transferi uchun Yokeresh va qo‘shimcha mablag‘ berishni ko‘zlagan.

Jamoa yarimhimoyasidagi Rays va Subimendiga esa rotatsiya kerak, ularning ikkisi ham o‘tgan mavsumda to‘xtovsiz o‘ynashiga to‘g‘ri keldi va mavsum oxiriga borib toliqib qolishdi, zaxiradagi Kristian Norgarga esa Arteta ishonch bildirmadi. «Arsenal» bu pozitsiya uchun «Nyukasl» sardori Bruno Gimaraysh bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, «qarg‘alar» 80 million yevrolik taklifni rad etishgan va futbolchi uchun 80 million funt so‘rashmoqda.

Agar bu transferlar amalga oshadigan bo‘lsa, «Arsenal» nafaqat APLda, balki YeChLda ham chempionlik uchun asosiy da’vogarga aylanadi.

«Manchester Siti»

Kim kerak: o‘ng qanot vingeri, o‘ng qanot himoyachisi, markaziy yarimhimoyachi

10 yil ichida ilk bor «Siti» mavsumni Pep Gvardiolasiz boshlaydi. Enso Mareska uslub jihatdan ushbu ispaniyalik mutaxassisga juda o‘xshash: katta ehtimol bilan, u ham 4-2-3-1 sxemasini qo‘llaydi, ammo bu sxemada bir necha pozitsiyani yangi futbolchilar bilan to‘ldirish talab etiladi.

Bu birinchi navbatda mudofaaning o‘ng qanotiga taalluqli. Mareska uchun bu o‘ta muhim zona, u to‘pga egalik qilinayotganida qanotdan markazga ko‘chib harakatlanishi mumkin bo‘lgan «aldamchi fulbek»dan foydalanishni yoqtiradi. Mateus Nunes va Riko Lyuis bu rol bilan yaxshi tanish, ammo ularning ikkisi ham bu pozitsiya uchun Yevropaning eng yaxshilari bo‘lishga da’vogarlik qila olmaydi. Boshqa tomondan, hozircha bu zona uchun kimdir olib kelinishi haqida xabarlar chiqmadi.

Ikkinchi ehtimoliy muammo – hujum qanotida variantlar yetarlicha emasligi bilan bog‘liq. O‘tgan mavsum oxirida Antuan Semenyo biroz toliqib qoldi va bu o‘ng qanot samaradorligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatdi. Savio allaqachon ushbu jamoa darajasida emasligi bilinib qolgan, Foden va Sherki esa sof vinger emas va markazroqda o‘ynashadi. Daily Mail nashri yozishicha, Mareska «Chelsi»da o‘zi bilan ishlagan Pedru Netuni olib kelishni istamoqda. Shuningdek, Yan Diomande varianti ko‘rib chiqilgandi, ammo ivuarlik ushbu futbolchi «Real»ni tanladi.

Shuningdek, jamoaga yana bir yarimhimoyachi kerak bo‘lib qolishi mumkin. «Siti» bu yozda 135 million yevroga Elliot Andersonni transfer qilgandi, ammo Rodri chindan ham «Real»ga ketadigan bo‘lsa, uning o‘rniga futbolchi olish kerak bo‘ladi. Bu holda Mareska yana sobiq jamoasi «Chelsi»ga yuzlanishi mumkin – Enso Fernandesh u yerdan ketishi mumkinligi haqida xabarlar chiqib turibdi.

«Manchester Yunayted»

Kim kerak: chap qanot vingeri, markaziy yarimhimoyachi

«MYu» so‘nggi 10 yil mobaynida juda ko‘p yangi futbolchi sotib oldi, ammo ularning deyarli yarmi muvaffaqiyatsiz transferlar bo‘lib chiqdi. Muammo faqat futbolchilarda emas, bosh murabbiylar va taktik yo‘nalishlar ko‘p o‘zgarganidadir. O‘tgan mavsumda ham shu holat kuzatildi: Ruben Amorim mavsum yarmida o‘rnini Maykl Kerrikka bo‘shatib berdi va «Old Trafford» uchun odatiy bo‘lgan 4-2-3-1 sxemasiga qaytildi.

Shu bilan birga, «Yunayted»da hamon tarkib bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda. Kazemiro o‘tgan mavsumni kuchli o‘tkazdi, ammo bu yozda klub bilan xayrlashdi va endi MLS chempionatida Messiga jamoadosh bo‘ladi. Ugarte esa jamoaga kelganidan buyon asosiy tarkibga kira olmadi va bu yozda sotilishi kutilayotgandi, ammo JChda og‘ir jarohat olib, rejalar buzilib ketdi. «MYu» allaqachon yarimhimoya uchun «Aston Villa»dan Yuri Tilemans va «Chelsi»dan Andrey Santosni sotib oldi.

Ammo tarkib yanada ishonchli ko‘rinishga kelishi uchun yana bir markaziy himoyachi yetishmayapti. Sky Spors ma’lumotiga ko‘ra, mankunianliklar «Roma»dagi Manu Kone va «Brayton»dagi Karlos Baleba nomzodlarini ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari, VVS nashri yozishicha, «MYu» Orelen Tchuameniga ham qiziqmoqda. Agar Rodri «Siti»dan «Real»ga o‘tadigan bo‘lsa, madridliklar aynan Tchuamenini sotuvga qo‘yishi mumkin.

Shu bilan birga, hujumning chap qanotida ham muammo mavjud. Jamoa qanot hujumchilarining barchasi o‘ng qanotda ixtisoslashgan: Amad Diallo, Brayan Mbuyemo va Mateus Kunya. Chapda esa asli himoyachi bo‘lgan Patrik Dorgu o‘ynatildi va unga o‘rinbosar yo‘q. Hozircha bu zona uchun kim olib kelinishi haqida xabarlar yo‘q, ammo «MYu»da bu yozda klubini o‘zgartirishni istayotgan Rafael Leau varianti bor.

«Liverpul»

Kim kerak: markaziy himoyachisi, o‘ng qanot vingeri

O‘tgan yozda katta transfer kampaniyasini olib borgan «Liverpul» bu yozda unchalik faol emas. Ammo klubda o‘tgan mavsum yakunida bosh murabbiy Arne Slotni iste’foga chiqardi, uning o‘rniga kelgan Andoni Iraola esa matbuot uchun intervyularida tarkibni kuchaytirish zarurligini aytgan.

Ushbu mutaxassis Muhammad Saloh ketganidan keyin bo‘sh qolgan o‘ng qanotni alohida ko‘rsatmoqda. Hujumning bu qanotida o‘ynay oladiganlardan faqat Ngumoa va Kiyeza bor, ammo ular boshlang‘ich tarkib futbolchilari emas. Nazariy jihatdan, jamoaning yangi futbolchisi Viktor Muniosni ham shu pozitsiyada o‘ynatish mumkin, ammo u aslida chap qanotga ixtisoslashgan. Shuning uchun «Liverpul» Bredli Barkolya transferi uchun jiddiy harakat qilmoqda. Ushbu yosh fransuz vingeri «PSJ»dagi holatidan mamnun emas va doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istamoqda, «Liverpul» esa o‘zining yangi loyihasida unga markaziy rollardan birini taqdim etishi mumkin. Lekin muammo shundaki, Barkolya ham Munios kabi faoliyatining katta qismini chap qanotda o‘tkazgan va aynan shu nuqtada o‘zini yaxshiroq his qiladi. Sky Spors ma’lumotiga ko‘ra, mersisaydliklar «Monako» vingeri Magnes Akliushga ham qiziqish bildirgan, monegaskliklar yaqinda ushbu futbolchisi uchun «PSJ» tomonidan berilgan 40 million yevrolik taklifni rad etgandi.

Ibraima Konate ketganidan keyin mudofaa markazida ham bo‘shliq yuzaga kelgan. «Liverpul» «Renn»dan 21 yoshli fransuz Jyeremi Jakeni sotib olgan, ammo u asosiy tarkib futbolchisi bo‘lish uchun qanchalik tayyorligi aniq emas. Xochsimon bog‘lamlari uzilishi tufayli o‘tgan mavsumni o‘tkazib yuborgan Jovanni Leoni haqida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. Hozirda tarkibda 35 yoshli van Deyk bilan markaziy himoya juftligini hosil qilish uchun bor bo‘lgan yagona tajribali futbolchi Jo Gomes qolmoqda – bu esa chempionlik uchun kurashuvchi jamoa uchun yaxshi tanlov emas.

«Chelsi»

Kim kerak: darvozabon, markaziy himoyachi, markaziy yarimhimoyachi, chap qanot himoyachisi

«Chelsi» ham transferlar borasida «MYu» kabi paradoksli klub: har oynada ko‘p transfer qilinadi, ammo jamoa doim boshlang‘ich tarkibni kuchaytirish zarurati bilan yashaydi. Bu safargi transferlar oynasi ham istisno emas – bir necha transferdan keyin ham hali bir necha pozitsiyaga yangi futbolchilar kerak.

Bu bir jihatdan Habi Alonso kelgani bilan bog‘liq. «Bayyer»da ishlaganida uning sevimli sxemasi 3-4-2-1 bo‘lgandi, unda «Real»da bu sxemadan foydalanish imkoni bo‘lmadi, Londonda esa unga ko‘proq vakolatlar taqdim etilgan. Ammo gap shundaki, «Chelsi» bungacha butunlay boshqacha futbol o‘ynab kelgan, shuning uchun, moslashish talab etiladi.

Uch markaziy himoyachidan iborat sxemaga o‘tish – avtomatik ravishda darhol boshlang‘ich tarkibda tusha oladigan yangi himoyachilar sotib olish zarurligini anglatadi. Qolaversa, bu yozda klubni Aksel Disasi va Trevo Chaloba kabi himoyachilar tark etmoqda. «Chelsi» hozircha «Kristal Pelas»dan Maksens Lakrua transferini deyarli hal qildi. Uni yulduz futbolchi deb bo‘lmaydi, ammo ushbu fransuz futbolchisi allaqachon grand jamoalar darajasida yetilgan.

Shuningdek, Alonso Ris Jyeymsdan qanday foydalanmoqchi ekani aniq emas – o‘ng qanotga Palestra sotib olindi, bu pozitsiyada Malo Gyusto ham bor, shunday ekan, taxmin qilish mumkinki, jamoa sardori endi tayanch zonasida Kaysedoga raqobat qiladi. Ammo «Chelsi» teng kuchli ikki tarkibga ega bo‘lmoqchi, shuning uchun, «Bornmut» bilan 22 yoshli Aleks Skott transferi borasida faol muzokaralar o‘tkazilmoqda, shuningdek, «Strasbur»dan argentinalik yarimhimoyachi Valentin Barko olib kelinishi mumkin.

Chap qanot laterali pozitsiyasi ham jiddiy masala. Garnacho «Aston Villa»ga ketdi, endi bu qanotda faqat Hato va Gittens qolmoqda, ularning ikkisi ham bu rolni muntazam bajarishga ko‘nikishmagan. JChda o‘zini ko‘rsatgan 18 yoshli bosniyalik Alaybegovichga qiziqish borligi haqida xabarlar tarqalgan, ammo ushbu futbolchi bu darajadagi futbolga qanchalik tayyorligi – katta savol ostida.

Shuningdek, darvoza chizig‘i ham muammoli bo‘lib qolmoqda. Robert Sanches «Chelsi»ga kelib qo‘shilgan 2023 yil avgustidan buyon golga va zarbaga olib kelgan xatolar bo‘yicha APLda ikkinchi o‘rinda. Shu bilan birga, ushbu ispaniyalik darvozabon bu borada eng yomon ko‘rsatkichlar qayd etgan 10 futbolchi orasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchidir. Ikkinchi darvozabon Mayk Penders hali juda yosh va uni boshlang‘ich tarkibda tushirishga hali erta, shunday ekan, «Chelsi» ishonchli himoyani ta’minlash uchun yuqori saviyali darvozabon topishi kerak bo‘ladi.