Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlari yaqin oylarda O‘zbekistonda ishga tushishi mumkin. Bu haqda Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmanov Spot’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgach, Markaziy bank tijorat banklari, Humo va Uzcard milliy to‘lov tizimlari bilan birgalikda Apple hamda Google kompaniyalari bilan muzokaralarni, shuningdek, xizmatlarning texnik integratsiyasi bo‘yicha ishlarni boshlagan.
“Hozirda tijorat banklari integratsiya ishlarini faol olib bormoqda. Kartalarni tokenizatsiya qilish bilan bog‘liq jihatlar bor”, - deya ta’kidladi Usmonov.
Uning qayd etishicha, gap faqat xalqaro to‘lov tizimlari - Visa va Mastercard kartalarini qo‘llab-quvvatlash haqida ketmayapti. Markaziy bank, shuningdek, Apple Pay va Google Pay’ga mahalliy Humo va Uzcard to‘lov tizimlari kartalarini ham qo‘shish ustida ishlamoqda.
Usmonovning aytishicha, yaqin bir necha oy ichida loyiha yuzasidan ijobiy yangiliklar kutilmoqda.
Mutaxassisning qushimcha qilishicha, bir yoki bir nechta tijorat banki xizmatlarni birinchi bo‘lib ishga tushirishi mumkin. Markaziy bank vakili regulyatorning Apple va Google vakillari bilan muzokaralar o‘tkazganini ham tasdiqladi. Uning aytishicha, uchrashuvlar joriy yilning aprel va may oylarida bo‘lib o‘tgan.







