O‘zbekistonda B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish taklif etilyapti.

Muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi 312-son qaroriga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan. Unga muvofiq, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun talab etiladigan tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilish belgilanyapti.

2021 yildagi hukumat qarorida davlat ta’lim muassasalariga ishga yangi qabul qilinayotgan xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi ko‘zda tutilgan. Davlat oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun esa kamida S1 darajadagi sertifikat talabi belgilangan. Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalaridagi barcha xorijiy til o‘qituvchilari ham kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi kerakligi nazarda tutilgandi.

Qonunchilikda xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 daraja talabi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu talab mehnat shartnomasini bekor qilish yoki xodimni ishdan chetlashtirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri huquqiy asos sifatida nazarda tutilmagandi. Shu sabab tegishli qarorga o‘zgartirish kiritilyapti.

Hujjat loyihasi muhokamasi 12 avgustga qadar davom etadi.