Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov «Buxoro shahrining tarixiy qismi hududiga kirishni nazorat qilish tizimlari majmuasi»ni joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha taqdimoti bilan tanishdi.

Mazkur loyiha Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 noyabrdagi Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlariga oid qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, loyihaning asosiy maqsadi mahalliy va xorijiy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, ommaviy tadbirlar vaqtida ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish hamda zarurat tug‘ilganda tarixiy hududga transport vositalari harakatini vaqtincha cheklashdan iborat.

Buning uchun Buxoro shahrining eski qismida 20 ta nazorat nuqtasi belgilangan bo‘lib, ularga zamonaviy «taranga qarshi» moslamalarni o‘rnatish rejalashtirilgan.

Loyiha to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda tarixiy hududning besh nuqtasida, jumladan, Xo‘ja Nurobod, Samarqand, Afrosiyob, Bahouddin Naqshband ko‘chalari hamda «Somoniylar istirohat bog‘i»ga kirish yo‘lagida xavfsizlik moslamalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Taqdimot yakunida viloyat hokimi mutasaddilarga moslamalar o‘rnatiladigan hududlarning topografik chizmalarini tayyorlash, ishlarning samaradorligini oshirish uchun ishchi guruh tuzish hamda Toshkent va Samarqand tajribasini o‘rganish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.