Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi.

“Bugun Cho‘lponota shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdik. Bo‘lajak ShHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, iqtisodiy va transport-logistika aloqalarini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga oid dolzarb masalalarni muhokama qildik. Yig‘ilish yakunida qator hujjatlarni imzoladik”,  – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida.

Baxtiyor Saidov shuningdek, kengash yig‘ilishi doirasida Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi, Pokiston tashqi ishlar vaziri Muhammad Ishoq Dar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining bildirishicha, uchrashuvlarda ikki tomonlama kun tartibidagi hamda dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.