Banklar uchun yangi javobgarlik
Qonunchilik palatasi kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, kiberxavfsizlik talablariga rioya etilmagani yoki firibgarlik operatsiyalarining oldi olinmagani oqibatida fuqarolarga moddiy zarar yetkazilsa, uni banklar, to‘lov tizimi operatorlari yoki to‘lov tashkilotlari qoplashi mumkin.
Shuningdek, masofaviy davlat xizmatlari tizimidagi shaxsiy akkauntlar yoki telefon raqamlaridan noqonuniy foydalanish, ularni g‘arazli maqsadlarda boshqa shaxslarga berish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif qilinmoqda. Qonun loyihasi raqamli dalillar bilan ishlash hamda kiberjinoyatlarni tergov qilish mexanizmlarini ham takomillashtirishni nazarda tutadi.
Hujjatda, shuningdek, noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘larning boshqa hisoblarga o‘tkazilishining oldini olish maqsadida bank hisobvaraqlari, elektron hamyonlar va kriptoaktivlar bo‘yicha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish tartibi ham belgilangan. Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Endi esa parlamentda ko‘rib chiqilgan yana bir muhim qonun tashabbusi haqida. 2026 yil 1 avgustdan sanoat xavfsizligiga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan fuqarolar rag‘batlantiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlari va texnik qurilmalardan foydalanishdagi qoidabuzarliklar haqida foto yoki videomateriallarni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga taqdim etish mumkin.
Taqdim etilgan materiallar vakolatli organ tomonidan o‘rganiladi. Huquqbuzarlik holati tasdiqlansa, uni aniqlashga hissa qo‘shgan fuqarolar belgilangan tartibda rag‘batlantiriladi.
Yangi mexanizm sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini kuchaytirish, avariya va baxsiz hodisalarning oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini kengaytirishga qaratilgan.
Biznes tashriflarida Afg‘oniston yetakchi
Yilning birinchi yarmida tashqi iqtisodiy faollikda ham qiziqarli tendensiya kuzatilgan. 2026 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga tijorat maqsadida 228,6 ming nafar chet el fuqarosi tashrif buyurdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning asosiy qismi - 205,9 ming nafari Afg‘oniston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tijorat tashriflari soni bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Turkmaniston - 16,3 ming nafar, Tojikiston - 4,3 ming nafar qayd etilgan. Shuningdek, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya hamda boshqa davlatlardan ham biznes maqsadida kelganlar ro‘yxatdan o‘tgan.
«Mangal Fest» tufayli yo‘llar yopiladi
Toshkent shahrining Sergeli tumanida «Mangal Fest-2026» tadbiri munosabati bilan transport harakatiga vaqtincha cheklovlar kiritildi. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 23 iyuldan 26 iyulga qadar So‘g‘diyona ko‘chasining Yangi Sergeli ko‘chasidan Jaloyir ko‘chasigacha bo‘lgan qismi transport vositalari uchun yopiladi.
Cheklovlar festivalni xavfsiz va uyushqoq tarzda o‘tkazish maqsadida joriy etilmoqda. Shu munosabat bilan haydovchilarga yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish va aylanma yo‘llardan foydalanish tavsiya etildi.
Uch nafar xorijlik narkotik bilan ushlandi
Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarini «zakladka» usulida tarqatish bilan shug‘ullangan uch nafar xorijlik fuqaro qo‘lga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ularning vaqtinchalik yashash joylari tekshirilib, turli hududlarga yashirib qo‘yilgan narkotik moddalar aniqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilardan va ular uchun tayyorlab qo‘yilgan xufiya joylardan jami qariyb 2,5 kilogramm «gashish», «mefedron» va «alfa-PVP» giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Sibir tog‘ echkisi noqonuniy ovlandi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida noqonuniy ov qilingan Sibir tog‘ echkisi sotuvga chiqarilgani aniqlandi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari o‘tkazgan reyd davomida Ko‘ksaroy mahallasi hududida hayvonning tana qismlari sotilayotgani ma’lum bo‘lgan.
O‘rganishlar davomida Sibir tog‘ echkisi fuqaro tomonidan hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda otib o‘ldirilgani aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning oqibatida hayvonot dunyosiga 6 mln 180 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.










