Qonun (O‘RQ–1135-son, 2026 yil 20 aprel) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga muvofiq, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga asosan, kam ta’minlangan shaxslar, agar ular muayyan ish bo‘yicha sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqligi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etsa, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rov “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali Konstitutsiyaviy sud tomonidan yuborilishi belgilandi. Bunda so‘rov davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan va Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat qilgan fuqaroning iltimosiga asosan yuboriladi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.










