Keyinroq VHM rahbari shaharga Rossiya hujumlarining ikkinchi to‘lqini haqida ma’lum qildi. “Yana bir Rossiya uchuvchisiz apparati shahar tumanlaridan birida portladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uch kishi jarohat olgan. Ular orasida yosh bola bor”, — deyiladi uning xabarida.

Fedorov shuningdek, “Zaporijjya viloyati va havo trevogasi e’lon qilingan Ukrainaning boshqa viloyatlari bo‘yicha” ballistik raketalar hamda boshqariladigan aviabombalar qo‘llanishi xavfi haqida yozgan. Material e’lon qilingan paytda qo‘shimcha tafsilotlar keltirilmagan.

Shu kunning o‘zida avvalroq Rossiya hujumi natijasida Dnipro shahrida bir ayol va bir erkak halok bo‘lganini Telegram’da Dnipropetrovsk viloyati VHM rahbari Aleksandr Ganja xabar qildi. Bir xususiy uy vayron bo‘lgan, yana ikkitasi shikastlangan. Nikopil tumaniga artilleriya va dronlar bilan qilingan o‘q yog‘dirishlardan keyin ikki ko‘p qavatli uy va to‘rtta xususiy uy, shuningdek kafe, bir nechta do‘kon, avtomobillar, gaz quvuri hamda elektr uzatish liniyasi zararlangan, deya qo‘shimcha qildi Ganja.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlarining ertalabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari shu kecha Ukrainaning shimoli va sharqiga zarba berish uchun 90 ta uchuvchisiz apparat qo‘llagan, shularning 60 tasi Shahed bo‘lgan. Ukraina HK ma’lumotiga ko‘ra, uchirishlar Orel, Bryansk, Kursk, Primorsko-Axtarsk va Donetsk hududlaridan amalga oshirilgan. Ukraina havodan mudofaa vositalari 76 ta zarba beruvchi dronni qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. “9 ta nuqtada 14 ta zarba beruvchi dronning tegishi, shuningdek 2 ta nuqtada urib tushirilgan dron parchalarining qulab tushishi qayd etildi”, — deyiladi Ukraina harbiylari xabarnomasida.

Mahalliy vaqt bilan taxminan 16:00 lar atrofida Ukraina Havo kuchlari Kursk viloyatidan ballistik qurol qo‘llanishi xavfi va Rossiya dronlarining Kiyev, Sumi, Jitomir hamda Vinnitsa viloyatlari tomon harakatlanayotgani haqida xabar bergan.