Sog‘lom parhez
Eng avvalo, taomnomangizni qayta ko‘rib chiqing.
Qaysi mahsulotlarga YO‘Q deyish kerak? Yuqori miqdordagi trans-yog‘larga boy mahsulotlarga. Ular "yaxshi xolesterin"ning pasayishiga olib keladi va shu tariqa yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada oshiradi.
Qaysi mahsulotlarga HA deyish kerak? Kletchatkaga boy mahsulotlarga. U "yomon xolesterin"ni yo‘q qilib, organizmga gubka kabi ta'sir qiladi. Bular - mevalar, sabzavotlar va kepakli mahsulotlar. Sog‘lom yog‘larni rad etmang. Siz ularni yong‘oqlar, bodom yog‘i, kunjut va zig‘ir urug‘larida topishingiz mumkin.
"Yomon xolesterin" miqdorini pasaytirishda Omega-3 yog‘ kislotalariga boy mahsulotlar ham katta foyda beradi. Ular yog‘li baliqlar (losos, tunets va sardin)da ko‘p bo‘ladi.
Faollik — salomatlik garovi
Hatto oddiy mashqlar ham, masalan, tez yurish xolesterin miqdorini boshqarishga yordam beradi. Jismonan faol kishilarda “yaxshi xolesterin” nofaol hayot tarzini olib boruvchilarga nisbatan taxminan 5 foizga ko‘p bo‘ladi.
Zararli odatlaringizdan voz keching
Agar siz xolesterinni dori vositalarisiz pasaytirishni istasangiz, u holda spirtli ichimliklar iste'molini cheklang. Xolesterin miqdori anomal ravishda ko‘p bo‘lishiga yana bir sabab - chekish. Bu zararli odat “yaxshi xolesterin” darajasining pasayishiga olib keladi va diabet hamda qon bosimining oshishi kabi kasalliklar xavfini oshiradi. Mutaxassislarning aniqlik kiritishicha, inson chekishni tashlaganida uning "yaxshi xolesterini" ko‘payadi.
Bularning barchasi - sog‘liqni yaxshilashning eng oddiy usullari. Odatlar va turmush tarzini o‘zgartirish nafaqat xolesterin darajasini pasaytirishga, balki umumiy salomatlikni yaxshilashga ham yordam beradi.











