Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida Brovari tumanida uchta nuqtada vayrongarchilik qayd etilgan. Halok bo‘lganlar orasida bir nafar bola ham bor. Shuningdek, yana uch kishi jarohatlangan bo‘lib, ularning biri voyaga yetmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumi vaqtida uchib tushgan parchalar xususiy turar joy, xo‘jalik binolari va avtomashinalarga zarar yetkazgan. Shuningdek, noturar bino hududida yong‘in kelib chiqqan. Hozircha parchalar ballistik raketaga yoki zarba beruvchi dronga tegishli ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Kiyev shahar harbiy ma’muriyati ham hujum vaqtida poytaxtda havo hujumi xavfi e’lon qilinganini ma’lum qildi. Mahalliy vaqt bilan tungi soat uchlar atrofida ballistik raketa tahdidi haqida ogohlantirish berilgan.

Keyinchalik shahar ma’muriyati Rossiyaning tungi hujumi oqibatida Kiyevning o‘zida ham to‘rt kishi jarohatlanganini bildirdi. Ayni paytda favqulodda xizmatlar hujum oqibatlarini bartaraf etish ishlarini olib bormoqda.

Ukraina OAV xabar berishicha, tun davomida Kiyevda ikki marta kuchli portlashlar eshitilgan. Ukraina Havo kuchlari Rossiya shimoliy yo‘nalishdan ballistik qurol qo‘llashi mumkinligi haqida aholini ogohlantirgan. Bundan avval esa Kiyev va uning atrofida zarba beruvchi dronlar xavfi tufayli ham havo hujumi signali e’lon qilingan edi.

Kiyev shahar hokimi Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Goloseyev tumanida noturar binolar hududida yong‘in yuz bergan. Obolon tumanida esa yonilg‘i saqlanadigan rezervuarlar yongani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa joylariga qutqaruv va tezkor xizmatlar jalb etilgan, zarar ko‘lamiga aniqlik kiritilmoqda.