Prezident Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi ikki yilda 1 million 200 mingdan ortiq ko‘chmas mulk ob’yekti xatlovdan o‘tkazildi. Natijada qo‘shimcha 16,5 ming gektar yer va 49 million kvadrat metr qurilish maydoni aniqlandi.

Aniqlangan ob’yektlarning 270 mingtasi kadastr bazasiga kiritilib, byudjyet uchun yiliga 315 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratildi. Kadastr xizmatlarining 90 foizi onlayn shaklda ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, sohada aholi va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha 1 milliondan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lsa, ularning 330 mingtasi yoki 30 foizi rad etilgan. Ya’ni amalda har uchta arizadan bittasi qanoatlantirilmagan.

Bunday holatlar fuqarolarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashiga, masalasini hal qilish uchun yana boshqa idora yoki shaxslarga murojaat etishiga sabab bo‘lib, korrupsiyaviy xavflarni ham kuchaytirmoqda.

Xizmatlarni raqamlashtirish jarayonida barcha qarorlarni markazlashgan tartibda qabul qilish amaliyoti shakllangani ham aholi uchun ortiqcha to‘siqlarni yuzaga keltirgan.

Xususan, noturar ob’yekt toifasini o‘zgartirish uchun viloyat yoki respublika darajasidagi tashkilot roziligi talab qilinmoqda. Bitta masalani hal qilish uchun fuqarolardan bir necha marta ariza topshirish va har bir ariza uchun alohida to‘lov qilish so‘ralmoqda.

Masalan, bitta hovlini aka-uka o‘rtasida bo‘lish uchun to‘rtta, bitta merosni uch qismga ajratish uchun esa oltita ariza talab qilinadi. Bitta ariza tuman, viloyat va respublika darajasida 30-50 ta bosqichda ko‘rib chiqilib, jarayon o‘rtacha 15-20 kunga cho‘zilmoqda.

Yer nazorati sohasida jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilgani ijobiy natija berayotgani qayd etildi. Biroq jarimalarni oshirish bilan cheklanmasdan, huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish va fuqarolarni qonuniy faoliyatga qaytarishga qaratilgan mexanizmlarni joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.