Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilishicha, aprel–may oylaridagi pasayishdan so‘ng iyun oyida bozor yana tiklangan. Oy davomida 25 mingdan ortiq ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu may oyiga nisbatan 23 foiz, 2025-yil iyuniga nisbatan esa 20,4 foiz ko‘pdir.

Iyun oyida bitimlar soni respublikaning barcha hududlarida oshgan. Oylik o‘sish sur’atlari bo‘yicha Buxoro (50,1 foiz), Navoiy (41,5 foiz) va Samarqand (31,8 foiz) viloyatlari yetakchilik qilgan. Eng past o‘sish Xorazm (0,9 foiz), Toshkent viloyati (12,2 foiz) va Andijon viloyatida (17,9 foiz) qayd etilgan.

Gqg8QOb2qdN4ILg5EXXYA8kWzrwee7Ll

Yillik hisobda esa eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida kuzatilib, bitimlar soni 35,7 foizga ko‘paygan. Shuningdek, Sirdaryo (26,9 foiz), Navoiy (26,3 foiz) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (23,3 foiz) ham yuqori sur’atlar qayd etilgan. Jizzax (5,7 foiz), Farg‘ona (3,6 foiz) va Toshkent viloyatida (3,3 foiz) o‘sish nisbatan past bo‘lgan.

Tahlilga ko‘ra, iyun oyidagi barcha oldi-sotdi bitimlarining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bir oy davomida 7,8 mingta bitim rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu umumiy bozor hajmining 30,8 foizini tashkil etgan.

PBP0nWw24wrFaGUhSVkPKYJ625SYrrB3

Yarim yillik yakunlariga ko‘ra, barcha hududlarda ijobiy dinamika kuzatilgan. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida (36,4 foiz), Toshkent shahrida (34,9 foiz) va Navoiy viloyatida (30 foiz) qayd etilgan. Nisbatan past sur’atlar esa Xorazm (16,7 foiz), Buxoro (15,4 foiz) va Farg‘ona (12,1 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Avvalroq, may oyida poytaxtda uy-joy bozori qanday o‘zgargani borasida tahlil e’lon qilingandi. Kuzatuvlarga ko‘ra, mayda ikkilamchi bozorda 1, 2 va 3 xonali kvartiralar qimmatlashgan bo‘lsa, 4 va undan ortiq xonali uylar arzonlashdi. Birlamchi bozorda esa 1 va 3 xonali xonadonlar narxi oshgan, 2 hamda 4 xonali uylarda pasayish kuzatilgan.