Yanvar oyi oxirida Aviator savdo markazida yirik yong‘in yuz bergan hamda hodisadan so‘ng vayronalar ostidan 2 yosh-u 7 oylik qizchaning jasadi topilgan. Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Yangihayot tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Kun.uz jurnalisti 28 iyulda o‘tkazilgan sud majlisida qatnashdi. Unda guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi.
JIB Yangihayot tuman sudida Aviator savdo markazidagi yong‘in yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi birinchi instansiyada ko‘rib chiqilmoqda. Kun.uz jurnalisti sud majlisida qatnashdi.
Kimlar sudlanmoqda?
Aviator’dagi yirik yong‘in bo‘yicha 4 kishi – bino egasi, binoga egalik qiluvchi MChJ rahbari, binodan ijaraga joy olib, bolalar maydonchasi tashkil qilgan MChJ ta’sischisi va norasmiy rahbari sudlanmoqda. Ularning 3 nafariga qamoq, biriga esa garov ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Sudlanuvchilar nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish (JK 192-11-moddasi 2-qismi “a” bandi), hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish (JK 227-moddasi 2-qismi “a” bandi), yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish (JK 259-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari) jinoyatlarida ayblanmoqda.
Ish bo‘yicha 10 kishi jabrlanuvchi bo‘lib o‘tgan.
“Yaxshi ulanmagan simlar qiziydi” – ekspert
Sud majlisida ishtirok etgan ekspert o‘z ko‘rsatmasida voqea joyidan olingan va ekspertizaga taqdim qilingan elektr simlarida “skrutka”, ya’ni simlarni burab ulash holatlari aniqlanganini aytdi.
“Ekspertizaga taqdim qilingan materiallarda, ya’ni o‘sha simlarda, o‘zimizning tilda “skrutka” deymiz, shunday ulanishlar bo‘lgan. Kontakt yaxshi bo‘lmasa, simlar qizishni boshlaydi va shu sababli yong‘in chiqishi mumkin”, dedi u.
Ayblov xulosasida keltirilgan ekspertiza xulosasida ham elektr simlarining burab ulangan joylari va ulardagi kontaktlar sust bo‘lgani qayd etilgan. Xulosada yong‘in elektr kabellaridagi qisqa tutashuv yoki yuqori o‘tuvchi qarshilik kabi avariya holatlari oqibatida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Biroq ekspertlar yong‘inning kelib chiqish sababiga qat’iy javob berish imkoni bo‘lmaganini ham qayd etgan.
Guvohlar nima demoqda?
28 iyul kuni o‘tkazilgan sud majlisida guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi.
Ayblov xulosasi va guvohlarga ko‘ra, savdo markazida yirik yong‘in yuz berishidan biroz avval bolalar o‘yingohiga yaqin joydagi chiqindi idishida “tutun chiqqan”. Ishchilar olovni o‘chirib, chiqindilarni tozalagan. Biroq hodisaning kelib chiqish sababi aniqlanmagan va bu haqda FVBga xabar berilmagan. Asosiy yong‘in shu kuni soat 15:45 atrofida bolalar o‘yingohi hududida yuz bergani qayd etilgan.
Sud majlisida so‘ralgan ikki guvoh yirik yong‘indan biroz avvalroq bolalar o‘yingohi yaqinidagi chiqindi idishida “tutun chiqqanini” ma’lum qildi. Ulardan biri “5-6 paket”, boshqasi esa “bir paket” chiqindi bo‘lganini aytdi.
Bolalar o‘yingohida ishlagan xodimlardan biri shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan Kun.uz’ga intervyu berdi.
“Yong‘inni yonimdagi xodim bilan ko‘rdik. U menejyerni chaqirish uchun yugurdi, lekin o‘sha paytda mas’ullar ish joyida yo‘q edi. Biz va ota-onalar bolalarni olib chiqishni boshladik. Menejyer kelguniga qadar o‘yingohning katta qismi yonib bo‘lgan edi”, deydi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, birinchi kichik yong‘indan keyin odamlar evakuatsiya qilinmagan va o‘t o‘chiruvchilar chaqirilmagan. Katta yong‘indan so‘ng rahbarlardan biri xodimlarga avvalgi yong‘in haqida gapirmaslik va olov shift tomondan boshlanganini aytishni buyurgan.
“Tutunda hech narsani ko‘rib bo‘lmadi”
Kun.uz yong‘inda halok bo‘lgan Munisaning onasiga ham mikrofon tutdi. U o‘sha kuni ikki qizini o‘yingohga olib borgan. Yonida qo‘shnilari va ularning ham ikki bolasi bo‘lgan.
Hodisa vaqtida uch ayoldan biri bolalar oldida, ikkisi o‘yingoh yonidagi ovqatlanish nuqtasida o‘tirgan.
“Kimdir stolni qattiq urib, yong‘in bo‘layotganini aytdi. O‘yingoh tomonga qaraganimda hamma joy qop-qora tutun bo‘lib, tepadan qora tutun tushib kelayotgan edi. Yonimdagi bolamni ko‘tarib, o‘yingoh tomonga yugurdim. Bir qadam tashlab, ikkinchisini qo‘ymasdan chiroqlar o‘chdi. Na signalizatsiya ishladi, na tepadan suv sepish tizimi ishga tushdi.
Ichkari qop-qorong‘i, tutun esa odam odamni ko‘rmaydigan darajada qalin edi. Qizim yugurib chiqayotgan bolalar orasidadir, deb qaradim. Hatto “spichka” yoqilsa ham, uning yorug‘ligi ko‘rinmaydigan darajada edi”, deydi ayol.
Ona kichkina qizini topolmagan. Hodisa joyiga yetib kelgan turmush o‘rtog‘i farzandi ichkarida qolganini aytib, binoga kirgan va qariyb bir soat davomida uni qidirgan.
“U yerda juda ko‘p bola bor edi. Nahotki, shuncha bolaning orasida faqat mening bolam qolib ketgan bo‘lsa, deb haligacha o‘zimga savol beraman. Mening bolam uchun kim javob beradi? Kim aybdor? Men bu dard bilan bir umr yashayman”, deydi Munisaning onasi.
Oila hodisaga aloqador barcha holatlar to‘liq o‘rganilishi, mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi va qonunda belgilangan chora ko‘rilishini kutmoqda.
Aviator ishi
2026 yil 31 yanvar kuni poytaxtning Yashnobod tumanidagi Aviator savdo majmuasida yirik yong‘in chiqqandi. 1,5 soat davom etgan yong‘inni o‘chirishga bevosita Favqulodda vaziyatlar vaziri bosh-qosh bo‘lgan edi.
Yong‘indan so‘ng olib borilgan dastlabki o‘rganish ishlarida vayronalar ostida bir kishining jasadi topildi. Keyinchalik yong‘in yuzasidan jinoiy ishi ochildi.










