O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining majburiy ro‘yxatdan o‘tish muddatini 5 kundan 15 kungacha uzaytirish bo‘yicha protokol imzoladi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Chegaraoldi hamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma, O‘tkazish punktlari va fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi protokollar imzolandi. Chegara masalalarini to‘liq hal qildik, o‘tkazish punktlari sonini 15tadan 30taga oshirdik, ikki davlat fuqarolarining mamlakatda bo‘lib turish muddatini 15 kungacha uzaytirdik”, dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Hujjat O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini davlat chegarasini kesib o‘tgan vaqtdan boshlab 15 sutka davomida qabul qiluvchi mamlakatning vakolatli organlarida vaqtinchalik yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod qilishni nazarda tutadi.

Yangi tartib tomonlar ichki davlat tartib-taomillarini to‘liq bajarganidan keyin kuchga kiradi.

Japarov shuningdek, Andijonda Qirg‘iz Respublikasining bosh konsulxonasi ochilishini ma’lum qildi.