O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatildi, bank omonatlari foiziga 5 foizlik soliq joriy etish taklif qilindi, maktablarda dars yuklamasini taqsimlashning yangi tartibi joriy etiladi. Shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan Kun.uz dayjyestida tanishtiramiz.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatdi
Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tayotgan oliy darajadagi muzokaralar davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.
Muzokaralarda tomonlar savdo hajmini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish, energetika, transport, sanoat kooperatsiyasi va «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li loyihasini jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, davlat rahbarlari munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi Davlatlararo kengash tuzishga kelishib oldi. Bu tuzilma ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni eng yuqori darajada muvofiqlashtiruvchi yangi mexanizm bo‘ladi.
Shu bilan birga, davlat rahbarlari huzurida davlat chegarasi, «Chashma» bulog‘idan foydalanish, pensiya ta’minoti, ta’lim, turizm va boshqa sohalarga oid qator ikki tomonlama hujjatlar ham almashildi.
Bank omonatlari foiziga 5 foizlik soliq taklif qilindi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti bank omonatlari bo‘yicha foiz daromadlariga 5 foizlik soliq joriy etishni taklif qildi.
Taklifga ko‘ra, omonatlardan olinadigan foizlar dividendlar bilan tenglashtirilib, ularga ham 5 foizlik stavka qo‘llanishi mumkin. Buning uchun Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritish talab etiladi.
Institut hisob-kitobicha, agar taklif qabul qilinsa, davlat byudjyetiga yiliga qariyb 1,4 trillion so‘m qo‘shimcha tushum kelishi mumkin.
Maktablarda dars yuklamasini taqsimlash tartibi o‘zgardi
Yangi o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarida o‘qituvchilar o‘rtasida dars yuklamasini taqsimlashning yangilangan tartibi joriy etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, dars soatlarini taqsimlashda asosiy e’tibor pedagogning kasbiy mahorati, milliy yoki xalqaro sertifikatlari hamda ta’limda erishgan natijalariga qaratiladi. Shuningdek, ustuvorlik mezonlari 19 tadan 10 taga qisqartirilgan.
Ayrim imtiyozli mezonlar bekor qilinib, barcha o‘qituvchilar uchun teng imkoniyat yaratiladi. Yangi tizim 2026-2027 o‘quv yilidan amal qila boshlaydi.
1 avgustdan “Tashabbusli byudjyet”da yangi tartib joriy etiladi
1 avgustdan boshlab “Tashabbusli byudjyet” jarayonida xalq deputatlari kengashlari deputatlarining vakolatlari kengayadi.
Yangi tartibga ko‘ra, har bir deputat «Ochiq byudjyet» portalida o‘ziga ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihani qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilishi mumkin.
Shuningdek, deputatning vakolati muddatidan oldin tugatilsa, qo‘shimcha g‘olib loyihalar tegishli komissiya qarori bilan boshqa deputatlar tomonidan belgilanadi. Yangi tartib aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va deputatlarning jarayondagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan.
Toshkentda keksa ayol uyi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent shahrida yolg‘iz yashovchi 86 yoshli ayolning uyi boshqa shaxs nomiga o‘tkazilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Tergovga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi keksa ayolga tegishli xonadon 2025 yil sentyabr oyida notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxs nomiga o‘tkazilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ayol o‘z harakatlarining ahamiyatini anglash qobiliyatiga ega bo‘lgan-bo‘lmagani hamda firibgarlik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi, ya’ni juda ko‘p miqdordagi firibgarlik alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa keksa ayol nazoratga olinib, unga zarur yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.
Nogironlik nafaqasi va suv qarzini «hal qilib berish»ni va’da qilganlar ushlandi
Samarqand, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida korrupsiyaga oid bir nechta holatlar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar qildi.
Samarqand va Xorazmda ikki nafar shifokor fuqarolarni nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni va’da qilib pul olganlikda gumonlanmoqda. Ularga nisbatan firibgarlik va pora berish bilan bog‘liq moddalar asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Sirdaryo viloyatida esa «Sirdaryo suv ta’minoti»ning tuman filiali boshlig‘i va xodimi ichimlik suvidan qarzdorlikni pul evaziga o‘chirib berishni va’da qilgan vaqtida qo‘lga olindi. Ushbu holat yuzasidan pora olish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.










