O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi o‘tkazish punktlari soni 15tadan 30taga yetkaziladi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazish punktlari tarmog‘ining kengaytirilishi fuqarolarning harakatlanishini yengillashtiradi va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi.

“O‘tkazish punktlari sonini 15tadan 30taga oshirish to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi. Endi odamlar bir-birlarinikiga erkin borishi, ish yuritishi, o‘qishi va dam olishi mumkin”, dedi Sadir Japarov.

Uning qayd etishicha, o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari o‘z tarixidagi eng yaxshi davrlardan birini boshdan kechirmoqda.

Avvalroq Sadir Japarov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali «Manas» ordeni bilan taqdirlagandi.

“Manas” ordeni Qirg‘iz Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.