Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Samarqand tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi markaziy shifoxonasi bo‘lim shifokori I.A. fuqaro S.E.ni 2-guruh nogironlik nafaqasiga chiqarish va hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 5 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan. Mazkur mablag‘ning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Hazorasp tuman tibbiyot birlashmasi shifokori K.B. fuqaro N.A.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2-guruh nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni va’da qilgan. U kelishilgan 300 AQSh dollari evazidagi mablag‘ning 3,6 million so‘mini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.










