AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 30 iyul kuni Eron hududidagi bir qator harbiy nishonlarga ommaviy zarbalar berilganini ma’lum qildi.
Qo‘mondonlikka ko‘ra, hujumlar bir kun avval mintaqada joylashgan AQSh harbiylariga qarshi amalga oshirilgan raketa hujumiga javob tariqasida uyushtirilgan.
CENTCOM bildirishicha, operatsiya davomida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusiga qarashli o‘nlab ob’yektlar, jumladan harbiy qo‘mondonlik markazlari, raketa qurollari va uchuvchisiz apparatlar bilan bog‘liq inshootlar, shuningdek sohil qo‘riqlash kuchlari ob’yektlari nishonga olingan.
Amerika harbiylari ta’kidlashicha, operatsiyadan asosiy maqsad Eron va uning ittifoqchilari tomonidan AQSh qo‘shinlari, Fors ko‘rfazidagi tijorat kemalari hamda mintaqa davlatlariga tahdidlarni yanada kamaytirishdan iborat bo‘lgan.
CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, 28 iyul kuni korpus Eron hududidan Yaqin Sharqdagi Amerika harbiylariga qarata bir nechta ballistik raketa uchirgan. AQSh tomoni bu raketalarning barchasi havoda yo‘q qilinganini bildirmoqda. Ayni paytda Yaqin Sharqda 50 mingdan ortiq amerikalik harbiy xizmat qilmoqda.
AQSh va Eron o‘rtasidagi qurolli qarama-qarshilik 12–24 iyul kunlari davomida ham yuqori darajada kechgan edi. Bu davrda AQSh Eron hududidagi harbiy ob’yektlarga tungi hujumlar uyushtirib, ularni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga tahdidni kamaytirish chorasi sifatida izohlagan. Eron esa qo‘shni davlatlardagi AQSh harbiy bazalarini nishonga olganini ma’lum qilgan.
24 iyuldan keyin tomonlar bir necha kun davomida o‘zaro zarbalarni to‘xtatib turgan. The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti 24 iyul kuni yangi keng ko‘lamli hujumlarni vaqtincha kechiktirishga qaror qilgan. Bunga havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa zaxiralarining qisqarishi hamda ehtimoliy global energetika va iqtisodiy inqiroz xavfi sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, 28 iyul kungi hujumlarda AQSh Saudiya Arabistoni qurolli kuchlari bilan birgalikda harakat qilgan. CENTCOM ma’lum qilishicha, bu operatsiya so‘nggi 72 soat ichida AQSh kuchlariga qarshi uyushtirilgan 30 dan ortiq dron hujumiga javob bo‘lgan.











