“Yashil bog‘ va yashil jamoat parklarini tashkil etishda o‘z hissasini qo‘shayotgan shaxslarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Qaror bilan yashil hududlarni kengaytirish, yashil bog‘ yoki yashil jamoat parkini, botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish hamda aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlarining ushbu jarayonlardagi ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida “Ekohamkor” maqomini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, kamida 1 000 tup daraxt va buta ko‘chatidan iborat yashil bog‘ yoki yashil jamoat parki tashkil etgan yoki Yashil xayriya jamg‘armasiga kamida 200 million so‘m xayriya qilgan jismoniy va yuridik shaxslar «Ekohamkor» maqomini olishi mumkin.

Mazkur maqom egalariga yashil bog‘ yoki parkka o‘z nomi yoki tashkiloti nomini berish, ekologik tadbirlar o‘tkazish hamda o‘z faoliyatini targ‘ib qilish huquqi beriladi.

Shu bilan birga, bu huquqlardan foydalanish jarayonida yashil hududlarda har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.

«Ekohamkor» maqomi har yili tanlov asosida har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 14 nafar jismoniy va 14 nafar yuridik shaxsga berilishi nazarda tutilgan.

«Ekohamkor» maqomini olganlarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tijorat banklarida iste’mol krediti olishda imtiyozlar berish taklif etilmoqda.