Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida o‘z qiziga tezak yedirgan otaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 25 iyul kuni Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayol IIBga ariza bilan murojaat qilib, 33 yoshli turmush o‘rtog‘i Ch.B. voyaga yetmagan qizini qiynaganini ma’lum qilgan.
Aniqlanishicha, ota o‘z qizini qiynab, unga nisbatan nomaqbul harakatlar sodir etayotgani tasviri 2025 yil 30 dekabr kuni olingan bo‘lib, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.
Holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Daryo.uz nashrining yozishicha, ota 9 yoshli qizini jazolash maqsadida o‘z uyida molxonadan tezak olib kelishni buyurgan va uni majburlab qizning og‘ziga solishga uringan. Bo‘lib o‘tayotgan mash’um voqeani otaning o‘zi telefonida videoga olgan.
Ota tashqariga qochib chiqqan qizini yana oldiga chaqirib olgan va yotqizib olib, majburlab tezakni qizining og‘ziga solgan. So‘ngra shu xonada bo‘lib turgan 7 yoshli qizi otasining buyrug‘i bilan olib kelgan piyoladagi qaynoq suvni to‘ng‘ich qizining og‘ziga quygan.











