La-Ninya - okean suvi haroratining o‘zgarishi bilan bog‘liq iqlim hodisasi. Uning shakllanishi jarayonida kuchli shamollar okean yuzasidagi iliq suvlarni harakatga keltiradi, natijada chuqurlikdagi nisbatan sovuq suvlar yuqoriga ko‘tariladi.

Tinch okeanida La-Ninya nisbatan keng tarqalgan bo‘lib, odatda har bir necha yilda kuzatiladi. Biroq hozir iqlimshunoslar ancha kam uchraydigan Atlantika La-Ninyasi shakllanishi mumkinligini ham istisno qilmayapti.

Mayami universitetining okean fanlari kafedrasi dotsenti Frans Filip Tuxenning ta’kidlashicha, hozircha Atlantika La-Ninyasi shakllandi, deb qat’iy aytishga erta.

Shunga qaramay, olimlar Atlantika okeanining ayrim hududlarida suv harorati me’yordan sezilarli darajada past ekanini qayd etgan. Tuxenning baholashicha, agar hozirgi sharoit o‘zgarmasa, Atlantika La-Ninyasining shakllanish ehtimoli yuqori.

Atlantika La-Ninyasi nimalarga ta’sir qilishi mumkin?


Tinch okeanidagi La-Ninya dunyoning ko‘plab mintaqalari iqlimiga ta’sir ko‘rsatadi. Atlantikadagi xuddi shunday hodisaning ta’siri esa ko‘proq muayyan mintaqalarda sezilishi mumkin.

Xususan, Atlantika La-Ninyasi shakllansa, G‘arbiy Afrika mamlakatlari va Sahel mintaqasida yog‘ingarchilik miqdori ko‘payishi mumkin.

Braziliyaning shimoli-sharqiy qismida esa, aksincha, yomg‘ir miqdori kamayishi ehtimoli bor.

Shuningdek, Kabo-Verde atrofida tropik tsiklonlar faolligi pasayishi mumkin. Bu holat bilvosita AQSh va Karib havzasiga ham ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.

Sababi, keyinchalik Karib dengizi va Meksika ko‘rfazi sohillarigacha yetib boradigan kuchli Atlantika dovullarining bir qismi aynan Kabo-Verde yaqinida shakllana boshlaydi.

Shu bois Sharqiy Atlantikada tropik tsiklonlar faolligining pasayishi ayrim kuchli dovullarning paydo bo‘lish ehtimolini ham kamaytirishi mumkin.

Tinch okeanida El-Nino kuchaymoqda

Atlantika La-Ninyasi hozircha olimlar ko‘rib chiqayotgan ehtimoliy ssenariylardan biri bo‘lib qolmoqda. Tinch okeanidagi El-Nino esa allaqachon rivojlanmoqda.

Iqlimshunoslar prognozlariga ko‘ra, El-Nino kelgusida yanada kuchayishi mumkin. Ayrim tadqiqotchilar uning «super El-Nino» darajasiga yetishi ehtimolini ham istisno qilmayapti.

Bunday kuchli El-Nino hodisalari kam uchraydi. Olimlar hozirgi jarayon kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli El-Nino hodisalaridan biri bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

El-Nino vaqtida Tinch okeanining ekvatorga yaqin qismida yuza suvlari odatdagidan ko‘proq isiydi. Bu esa atmosfera tsirkulyatsiyasiga ta’sir qilib, dunyoning turli mintaqalarida harorat va yog‘ingarchilik tartibini o‘zgartirishi mumkin.

Tinch va Atlantika okeanlaridagi jarayonlar o‘zaro bog‘liq


Frans Filip Tuxenning tushuntirishicha, Tinch va Atlantika okeanlarida sodir bo‘layotgan jarayonlarni bir-biridan butunlay mustaqil deb bo‘lmaydi.

Ikki okean o‘rtasida atmosfera orqali bog‘liqlik mavjud. Dastlab iqlim hodisalari har bir okeanda mustaqil shakllanishi mumkin, ammo keyinchalik ular bir-biriga ta’sir ko‘rsata boshlaydi.

Xususan, Tinch okeanida El-Nino rivojlangan vaqtda Atlantika ustidagi sharqiy shamollar kuchayishi mumkin.

Kuchli shamollar okean yuzasidagi suv harakatini faollashtiradi va chuqurlikdagi sovuq suvlarning yuqori qatlamlarga ko‘tarilishiga sharoit yaratadi.

Natijada Atlantikaning ayrim ekvatorial hududlarida suv harorati pasayishi mumkin. Olimlar aynan shu jarayon Atlantika La-Ninyasining shakllanishi uchun qulay sharoit yaratishi mumkinligini ta’kidlamoqda.