Davlat xavfsizlik xizmati hamda «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘ydi.

Ma’lum qilinishicha, Bangkok – Dehli – Toshkent aviayo‘nalishida Toshkent xalqaro aeroportiga uchib kelgan 2005 yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi «yashil» yo‘lak orqali harakatlangan. Unga tegishli chemodanlar belgilangan tartibda tekshirilgan.

Tekshiruv davomida chemodanlar ichidagi shampun idishlaridan umumiy og‘irligi 11,8 kilogramm bo‘lgan gashish moyi aniqlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilgan. Giyohvandlik vositasi Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birining xonadonida qoldirilgan. Uni olib ketish uchun kelgan vaqtda Chirchiq shahrida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro ham ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, Tailanddan olib kelingan mazkur giyohvandlik vositalari O‘zbekiston hududi orqali qo‘shni davlatga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi - kontrabanda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.