«Manchester Yunayted» va «Arsenal»ning ser Aleks Fergyuson va Arsen Vengerning uzoq yillik boshqaruvidan keyin yo‘liqqan muvaffaqiyatsizliklari singari, «Liverpul»ga ham Yurgen Kloppning 9 yillik erasidan so‘ng, turnir jadvalining yuqori qismidagi o‘rnini saqlab qolish qiyin kechishi taxmin qilingandi.

Ammo mana Arne Slot mersisaydliklar bilan 10 ta o‘yin o‘tkazdi: klub Angliya liga kubogida 4-bosqichda, Chempionlar ligasining liga bosqichida maksimal ochko to‘plab turibdi va Angliya Premer-ligasi turnir jadvalining birinchi o‘rnida bormoqda. 46 yoshli mutaxassis «Liverpul»dagi dastlabki 10 uchrashuvining 9 tasida g‘alaba qozongan birinchi murabbiy bo‘ldi. Umuman, mavsum boshidagi ilk 10 o‘yinda 9 ta g‘alabaga «Liverpul» o‘z tarixida 3 marta erishgan (bundan avval: 1961/62, 1990/91 yilgi mavsumlarda).

Va bu shunchaki boshlanishi ekanligini ham eslatib o‘tish joiz. Unai Emeri «Arsenal»dagi 10 ta uchrashuvining 8 tasini yutgan edi, keyin esa… «Feyyenoord»ning sobiq murabbiyi uchun ham bir zumga ogohlikni qo‘ldan boy berish mumkin emas, chunki «Liverpul» ham katta o‘zgarishlar arafasida bo‘lishi mumkin. Har holda, yetakchilardan uch nafari: Muhammad Saloh, Virjil van Deyk va Trent Aleksandr-Arnoldning klub bilan amaldagi shartnomalari kelgusi yil yozida yakuniga yetadi va hozircha ular bilan kelishuvlar uzaytirilishi borasida jiddiy gap yo‘q.

«Liverpul»ning statistikalari mavzusiga qaytamiz va ular ayniqsa, mehmondagi uchrashuvlarda ajoyib ko‘rinish olgan, zero safardagi uchrashuvlarda «Liverpul» 100 foiz natija qayd etdi. Ular orasida «Milan» va «Manchester Yunayted»ga qarshi katta o‘yinlarda erishilgan g‘alabalar ham borligi ushbu natija qiymatini oshiradi. Solishtirish uchun, «Liverpul» o‘tgan mavsumda mehmondagi 19 o‘yinning faqat 9 tasida g‘alabaga erisha olgan (7 durang, 3 mag‘lubiyat). «Liverpul»ning muvaffaqiyatli starti haqidagi raqamlarni o‘rganishda ular eng qulay taqvim asosida harakat qilganini yoddan chiqarmaslik kerak: «Ipsvich Taun», «Brentford», «Manchester Yunayted», «Nottinghem Forest», «Bornmut», «Vulverhempton» va «Kristal Pelas».

Muvaffaqiyatning asosiy sabablaridan biri «Liverpul»ning sobiq murabbiyi Yurgen Kloppning uslubi yangisinikiga juda o‘xshash bo‘lganida, deyish mumkin. Ularning har ikkisi 4 nafar himoyachi bilan harakatlanadi va qanotda katta masofa bosib o‘tib, raqib hududiga yorib kirish qobiliyatiga ega vingerlardan unumli foydalanadi. Yarimhimoyadagi uslub biroz farq qilsa-da, har ikki murabbiyning talabi ham markazdagi futbolchilardan jamoaning qolgan qismi uchun ham «qora mehnat» qilishiga asoslanadi.