Qayd etilishicha, bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilgan. Hozirgi kunda vazirlik va idoralardan mazkur loyiha yuzasidan takliflar olinmoqda.
Mazkur hujjat bilan, shuningdek:
- tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;
- ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
- yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
- shaxs hayoti sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash kabi qator normalarni kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan 2021 yilda «Gender-madad» elektron huquqiy maslahatchi platformasi ishlab chiqilgan. Platformaga xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan turli mavzularga oid ma’lumotlar bazasi joylashtirilgan.
Mavzular quyidagilardan iborat: Ayollar huquqiy himoyasi; Gender tenglik; Ayollarga imtiyozlar; Oilaviy munosabatlar; Oilaviy zo‘ravonlik; Xalqaro tashkilotlar Gender tengligiga erishish strategiyasi. Platforma orqali gender masalalar bo‘yicha huquqiy borada maslahatni onlayn chat orqali olish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
«Xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha dolzarb ikki oy» doirasida tashkil etilgan sayyor qabullarda jami 1400 dan ziyod xotin-qizlar muammolari eshitilgan.










