Tadbirkorga 3,5 mln dollarlik kredit olib berish evaziga 420 ming dollar talab qilgan tijorat banki yuristi va uning sherigi ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Olmazor filiali bank xizmatlari markazi yuristi va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, uning nomiga 3,5 mln AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratib berishlarini aytgan.

Ular «xolis» xizmatlari evaziga kredit summasining 12 foizini, ya’ni 420 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 50 ming dollar olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.