Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston BRIKSning hamkor davlatiga aylandi
Braziliyada bo‘lib o‘tgan BRIKSning 17-yuqori darajadagi sammitida Indoneziya guruhning yangi a’zosi sifatida qabul qilindi. Shuningdek, o‘nta davlat, jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘iston tashkilotning hamkor davlatlari sifatida tan olindi.
Foto: AA Photo
6 iyul kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida BRIKSning 17-yuqori darajadagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda BRIKS davlatlari rahbarlari Indoneziyani guruhning yangi a’zosi sifatida qabul qildi. Shuningdek, yana 10 ta davlat tashkilotning hamkor davlatlari sifatida tan olindi.
«Indoneziya Respublikasini BRIKS a’zosi sifatida, shuningdek, Belarus Respublikasi, Ko‘p millatli Boliviya davlati, Qozog‘iston Respublikasi, Kuba Respublikasi, Nigeriya Federal Respublikasi, Malayziya, Tailand qirolligi, Vetnam Sotsialistik Respublikasi, Uganda Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasini BRIKSning hamkor davlatlari sifatida qabul qilamiz», - deyiladi 17-BRIKS sammitining qo‘shma bayonotida.
Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan «Tinchlik va xavfsizlik hamda global boshqaruv islohoti» mavzusidagi BRIKS sessiyasida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi boshqa tashkilotlarni ham isloh qilishga chaqirdi:
«BRIKS kengayishi va yangi hamkorlarning qo‘shilishi ushbu tuzilmaning zamonga moslashish salohiyatini ko‘rsatadi. Endi esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi, Jahon Savdo Tashkiloti (WTO) va Ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari kabi institutlarni ham isloh qilishga ayni shu qat’iyat bilan yondashmog‘imiz zarur.
Sun’iy intellekt asrida, texnologiyalar har hafta yangilanayotgan bir paytda global institutlar 80 yil davomida o‘zgarmagan bo‘lishi mutlaqo qabul qilinmaydi. XXI asr dasturini XX asr yozuv mashinkasida ishlatib bo‘lmaydi», dedi Hindiston bosh vaziri.
Shuningdek, BRIKS yetakchilari Iqlim moliyalashtirish bo‘yicha deklaratsiya, «Sun’iy intellekt global boshqaruvi» to‘g‘risidagi bayonot hamda «Ijtimoiy sabablarga ko‘ra yuzaga keladigan kasalliklarni yo‘q qilish bo‘yicha sheriklik tashabbusi»ni ma’qulladi. «Ushbu tashabbuslar BRIKS davlatlarining global muammolarga inklyuziv va barqaror yechimlar yaratishga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlarini namoyon etadi», deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, BRIKS dastlab 2009 yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy yetakchilarining ilk sammitida shakllangan edi. Keyinchalik Janubiy Afrika a’zo bo‘ldi. Shu kunga qadar Misr, Efiopiya, Eron, BAA va Indoneziya to‘liq a’zolikka qabul qilindi. Bu yilgi sammitda Indoneziya ilk bor a’zo davlat sifatida qatnashmoqda. Tashkilot ayni vaqtga kelib dunyo aholisining yarmidan ko‘prog‘ini rasman birlashtiradi.
Turli manbalarga ko‘ra, hozirda 30 dan ortiq davlat BRIKSga a’zo yoki hamkor sifatida qo‘shilish istagini bildirgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, BRIKS bilan hamkorlik O‘zbekiston tashqi siyosatining pragmatik va muvozanatli yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, «O‘zbekiston Respublikasi BRIKS tashkiloti hamkor mamlakatiga aylandi va shu masalada imkoniyatlarni o‘rganmoqda.
«BRIKS a’zolari — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika, shuningdek, so‘nggi yillarda unga qo‘shilgan boshqa davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalar izchil va har tomonlama rivojlanmoqda. Ushbu hamkorlik savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, ilm-fan, innovatsiya va boshqa muhim yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. O‘zbekiston mazkur platforma doirasida amaliy sheriklik va ochiq muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi, umumiy taraqqiyot, barqarorlik va manfaatli integratsiyaga hissa qo‘shishga tayyor.
BRIKS bilan hamkorlik O‘zbekiston tashqi siyosatining pragmatik va muvozanatli yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda», deyiladi TIV rasmiysi Kun.uzʼga bergan izohda.
Mavzuga oid
07:36 / 29.12.2025
Braziliya qanchalik katta? Infografikada haqiqiy ko‘lam
08:24 / 15.12.2025
O‘zbekiston va Braziliya qo‘shma loyihalarni ishga tushirishni muhokama qildi
15:54 / 10.12.2025
Toshkentda Braziliyaning yangi elchisi faoliyatini boshladi
19:41 / 22.11.2025