O‘zbekiston | 23:49 / 15.09.2025
26508
6 daqiqa o‘qiladi

SAT sertifikati borlar grantda o‘qiydi, Namangandagi mudhish hodisa va jabrlanayotgan bolalar – mahalliy dayjest

Bitiruvchi sinflarda yagona davlat imtihoni joriy qilinadi. Toshkent shahri va viloyatidagi issiqlik elektr stansiyalarida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi. Toshkentda Yaponiya kasb-hunarga o‘qitish markazi ochiladi. Namanganda poyezd yengil mashinani urib yuborishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. O‘tgan 8 oy ichida 3 mingga yaqin bola turli jinoyatlardan jabrlandi. Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

SAT imtihonida 1200 dan yuqori ball olganlar qo‘shimcha davlat grantiga qabul qilinadi. Bu haqda Hukumat qarori qabul qilindi.

Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi yangi nizomga ko‘ra, quyidagi 3 ta xalqaro sertifikat olgan abituriyentlarga imtiyozlar belgilandi:

1) “A level” sertifikati (“V” va undan yuqori daraja) — bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinadi;

2) “International Baccalaureate” sertifikati (32 va undan yuqori ball) — bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinadi;

3) “Scholastic Aptitude Test - SAT” xalqaro imtihoni (eng yuqori ballning 75 foizi - 1200 ball va undan yuqori) — qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Bu imtiyoz sertifikat berilgan fan kirish imtihonlari tarkibida mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga taalluqli bo‘ladi.

Bitiruvchi sinflarda yagona davlat imtihoni joriy qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot qildi.

Davlat rahbari maktab ta’limida yana bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirilishini ta’kidladi.

Jumladan, o‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab, 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihoni joriy qilinadi. Yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar texnikum yoki oliygohga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Toshkent shahri va viloyatidagi issiqlik elektr stansiyalarida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura hamda vazirlik va idoralar bilan birga ishchi guruh tuzilib, sanoat, issiqlik va elektr energiyasi korxonalari, issiqxonalar va atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqaradigan boshqa obektlar faoliyati o‘rganilmoqda.

O‘rganishlarda Toshkent shahri va viloyatida 9 ta issiqlik markazi hamda 1 ta IES (Toshkent IES) filtrlar mavjud bo‘lmasa-da, 262 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalangani aniqlangan. Oqibatda atmosferaga tashlanma miqdori 7 ming tonnani tashkil qilgan.

Qayd qilinishicha, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik markazlarini chang-gaz tozalash uskunalari (filtr) bilan jihozlash bo‘yicha 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturning Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga oid qismi qayta ko‘rib chiqiladi: issiqlik elektr stansiyalarida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi va mavjudlari ta’mirlanadi.

Namanganda poyezd yengil mashinani urib yuborishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi

Chortoq tumanidagi temiryo‘l kesishmasida poyezd Gentra’ni urib yubordi. Baxtsiz hodisa 13 sentabr kuni Chortoq va Uychi bekatlari o‘rtasidagi qo‘riqlanmagan temiryo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, Gentra haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini «qo‘pol ravishda buzgan holda», yaqinlashib kelayotgan poyezd oldidan temiryo‘lni kesib o‘tishga uringan.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ mashinada olti kishi: besh ayol va kichik bola bo‘lgani, kuchli to‘qnashuv oqibatida mashinada hech kim omon qolmagani haqida xabar berdi.

Toshkentda maktab o‘quvchisi janjal vaqtida pichoqlandi

11 sentabr kuni taxminan soat 22:30 larda Mirobod tumani Qo‘yliq mavzesi 2-uy oldida 2005 yilda tug‘ilgan ikki fuqaro o‘zlariga notanish bo‘lgan yigitlar bilan og‘zaki tortishib qolgan.

Shundan so‘ng yigitlar o‘zaro urishib ketishgan va unda voyaga yetmagan maktab o‘quvchisi boshqa bir yigitga o‘tkir tig‘li jism bilan tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jarohatlangan bola shifoxonaga yotqizilgan, uning sog‘lig‘i shifokorlar nazoratida.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu hodisa fonida Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘tgan 8 oy ichida jinoyat natijasida jabrlangan bolalar haqida ma’lumot bo‘lishdi.

Unga ko‘ra, 2025 yil yanvar-avgust oylarida voyaga yetmagan 2872 nafar shaxs turli jinoyatlardan jabr ko‘rgan, shundan 1225 nafari (42,7 foiz) 12 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Tahlillarga ko‘ra, ularning 1475 nafari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 956 nafari uncha og‘ir bo‘lmagan, 284 nafari og‘ir va 157 nafari o‘ta og‘ir jinoyatlardan jabrlangan.

Mavzuga oid