20:57 / 09.05.2024
4987

Rossiya IIV Zelenskiy va Poroshenko qidiruvga berilgani haqidagi xabarni o‘chirdi

Ommaviy axborot vositalari bunday ma’lumotlar Rossiya IIV saytidan yo‘qolib qolganiga e’tibor qaratdi.

Foto: Getty Images

Rossiya Ichki ishlar vazirligi saytidagi qidiruv xizmatidan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va sobiq prezident Petro Poroshenko haqidagi eslatma yo‘qoldi, deb yozdi «Mediazona».

Zelenskiy va Poroshenkoning qidiruvga berilgani haqidagi ma’lumotga 4 may kuni RIA Novosti e’tibor qaratgan edi.

«Mediazona» xabariga ko‘ra, Ukrainaning amaldagi va sobiq prezidenti qidiruvga berilgani haqidagi ma’lumot tizimga 22 fevraldan oldin, Rossiya Ichki ishlar vazirligining okkupatsiyadagi Donetsk viloyati navbatchi bo‘linmasi tomonidan kiritilgan.

Ommaviy axborot vositalarining e’tiboridan so‘ng, Rossiya Ichki ishlar vazirligi Zelenskiy va Poroshenkoni qidiruvga berish to‘g‘risidagi qarorni Tergov qo‘mitasi qabul qilganini ta’kidladi.

Qayd qilinishicha, Zelenskiy va Poroshenkoga nisbatan o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR xavfsizlik kuchlari «tajovuzkor urush boshlash va olib borish», «taqiqlangan urush usullaridan foydalanish» moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi o‘zining qidiruv xizmatida Rossiya tomonidan qidiruvga berilgan Ukraina amaldorlari va yevropalik siyosatchilar haqidagi ma’lumotlarni muntazam e’lon qilib boradi.

Top