13:18 / 02.05.2024
8264

Rafahda qochqinlar lageriga aviazarba, boykotning oqibatlari va G‘arb tomonidan ogohlantirilgan BAA - kun dayjesti

O‘tgan sutka davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan e’tiborga molik voqea-hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil qurolli kuchlari Rafahga keskin havo hujumlari uyushtirishdi. Falastin ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, hujumlar chorshanbaning erta tongidan boshlangan va G‘azo janubida yuz minglab qochqinlar jon saqlayotgan Rafah shahriga bir necha bor zarbalar berilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bombalardan biri Rafah markazidagi «Ash-Shabura» qochqinlar lageriga tashlangan. Ikki yosh bola halok bo‘lgan. Bir necha kishi yaralangan.

Bu orada Kolumbiya G‘azoda amalga oshirayotgan xunrezligi sababli Isroil bilan diplomatik aloqalarni 2 maydan e’tiboran uzishini e’lon qildi.

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro chorshanba kuni Isroil armiyasining G‘azodagi qilmishlari uchun yahudiylar davlati bilan diplomatik aloqalar uzilishi haqida bayonot berdi.

«Shu yerda, sizlarning oldlaringda, o‘zgarishlar hukumati va respublika prezidenti ertadan boshlab Isroil davlati bilan uning siyosati va genotsidga aloqador yetakchisi tufayli diplomatik aloqalar uzilishini e’lon qilamiz», – degan Petro Bogotada ko‘p ming sonli odamlar oldida chiqish qilib.

Amerikadagi aksilisroil namoyishlar

Erksevar talabalarga qarshi Amerika demokratiyasining hujumi davom etmoqda. Nyu-York va Kolumbiya universitetlarida Falastin tarafdorlarining ustiga politsiya yurish qildi, yana o‘nlab talabalar hibsga olindi.

Politsiyachilar Falastin tarafdorlari bo‘lgan namoyishchilar tomonidan egallangan Kolumbiya universiteti kampusini shturm qilishgan.

Namoyishchilar universitet toki Isroil bilan moliyaviy operatsiyalarni bas qilmas ekan, binoni qamal qilishda davom etishlarini va’da qilishgan. Ular bino ichiga qamalib olib, kuzatuv kameralarini ishdan chiqarishgan. O‘nlab talabalar hibsga olingan.

Texas universitetida esa politsiya Isroilning zulmiga qarshi o‘tkazilayotgan namoyishda politsiya ko‘zni achituvchi qalampirli gazlardan foydalangan.

Virjiniya universitetida Amerika politsiyasi talabalar G‘azoni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tirib norozilik namoyishi o‘tkazayotgan joyga bostirib kirgan.

Boykot oqibatlari

Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi global kompaniyalarga nisbatan boykot o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Masalan, KFC Malayziyada o‘zining 108 ta filialini yopishga majbur bo‘lgan.

Avvalroq KFC kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda «Kechirasiz, bu yerda chodirlar yo‘q, shunchaki barmoqlaringizni shimishga majbur qiladigan ajoyib tovuq go‘shti bor», degan post joylashtirgan.

Bu odamlar o‘rtasida juda katta norozilik va boykot chaqiruvlariga sabab bo‘lgan. Chunki odamlar postni Rafahga ko‘chirilgan va ochlikdan azob chekayotgan falastinliklar tushib qolgan vaziyat ustidan kulish o‘laroq baholashgan. Kompaniyaning ushbu post Karib havzasidagi Antigua orolida chodirlari o‘g‘irlab ketilayotgan APUA kompaniyasiga bog‘liq ekani to‘g‘risidagi tushuntirishlari ham ish bermagan.

«McDonald's» ham ilgari hech kuzatilmagan yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda, deb yozadi Reuters.

So‘nggi ikki yil ichida ilk bor choraklik foydani baholay olmagan, iste’molchilar ularning yangi takliflarini e’tiborsiz qoldirishgan, Yaqin Sharqdagi mojaro esa xalqaro savdolarga negativ ta’sir o‘tkazgan. To‘rtinchi chorak ketma-ket global solishtirma savdo 1,9 foizga pasaygan.

«McDonald's» va «Starbucks» kabi kompaniyalar Isroilga yon beruvchi pozitsiyasi tufayli norozilik va boykotga duchor bo‘lgan. O‘tgan chorakda «Starbucks» Yaqin Sharqda mijozlar kirmay qo‘ygani sababli yillik savdo kutilmasini pasaytirishga majbur bo‘lgan.

Gurjistondagi namoyishlar

Gurjiston parlamenti ikkinchi o‘qishda «chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qabul qilgan. Tbilisida ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Parlament binosiga kuchishlatar tizim xodimlari keltirilmoqda.

Tunda namoyishchilar parlament binosini shturm qilib egallashga urinishgan. Tbilisi markazidagi bir necha ko‘chalarni egallab to‘sib olishgan. Shota Rustaveli shohko‘chasidan tashqari, Quruq ko‘prik, shuningdek Adolat uyi yaqinidagi daryoning har ikki yoqasida harakat to‘xtatilgan.

Parlamentning 150 deputatidan 83 nafari qonun loyihasini qo‘llab ovoz bergan. Ularning barchasi «Gurjiston orzusi» hukmron partiyasi va ularning ittifoqchisi «Xalq hokimiyati» partiyasi vakillaridir. Muxolifat ovoz berishda ishtirok etmagan. Qonunning uchinchi o‘qilishi 17 mayga belgilangan.

Politsiya namoyishchilarga qarata suv purkagich va ko‘zdan yosh oqizuvchi granatalar ishlatgan. Yarador bo‘lgan namoyishchilar bor. Politsiya kamida 63 kishini hibsga olgan. Muxolifat vakillaridan biri parlamentga ko‘zi ko‘kargan va boshi bog‘langan holda kelgan. Uning burni va tishlari sindirilgan.

Gurjiston hukumati ikkinchi yildirki, «chet el agentlari to‘g‘risida» Rossiyanikiga o‘xshash qonun loyihasini qabul qilishga urinmoqda.

Yevroparlament agar bu qonun qabul qilinsa Gurjistonni Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga nomzod statusidan mahrum qilishni taklif qilgan. Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze hukmron partiya namoyishlarga qaramasdan ushbu qonunni baribir qabul qilishini aytgan.

Ukrainaning neft zavodiga hujumi

Ukraina pilotsiz parvoz qurilmalari markaziy Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi.

Ryazan shahridagi neft zavodiga hujum tungi soat 3 da boshlangan. Shahar aholisi avval motor ovozlarini eshitishgan, so‘ngra ikkita portlash ro‘y bergan. Voqea joyida qutqaruv xizmatlari ishlamoqda.

Ryazan oblasti gubernatori Pavel Markov tunda hudud pilotsiz parvoz hujumlariga uchraganini tasdiqlagan. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q, tekshiruv-surishtiruv ishlari olib borilmoqda», — deb yozgan u o‘z Telegram kanalida.

Mahalliy Telegram kanallar shahar uzra olovli va tutunli ustun paydo bo‘lgani tasvirlangan video kadrlarini e’lon qilgan.

Ryazan neftni qayta ishlash zavodi markaziy Rossiyadagi eng yirik neft zavodi hisoblanadi. Uning hissasiga Rossiyadagi qayta ishlanadigan neft hajmining 5 foizi to‘g‘ri keladi. «Rosneft» tomonidan nazorat qilinadigan zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

AQSh Rossiyani atom elektr stansiyalari uchun uran yetkazib berishdan va yiliga 1 mlrd dollar daromaddan mahrum qilmoqchi.

Amerika Senati AQSh bozorining to‘rtdan bir qismini ta’minlayotgan Rossiyadan boyitilgan uran sotib olishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Endi hujjat uni qo‘llayotgan Joy Baydenga imzo uchun kiritiladi.

Amerika bozorida ishlayotgan kompaniyalar ushbu taqiqni joriy etishni talab qilib kelishayotgandi. Taqiq tufayli kompaniyalar federal budjetdan 2,7 mlrd dollar mablag‘ olishadi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Birlashgan Arab Amirliklaridan Rossiyaga sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan tovarlarni yetkazib berishni bas qilishni talab qilishmoqda.

Avvalroq AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiya ostidagi mahsulotlarni yetkazishda yordam berayotgan Turkiya va Xitoyga e’tiroz bildirgan edi, endi BAAga navbat keldi.

Amerika, britaniya va yevropalik mulozimlar Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlar yetkazilishining oldini olish maqsadida o‘tgan haftada BAAga borishgani Britaniya tashqi ishlar vazirligi vakili ma’lum qilgan. Ular amirliklardan qurol-yarog‘ ishlab chiqarishda foydalanish mumkin bo‘lgan qo‘sh maqsadli tovarlarning eksport va reeksporti to‘g‘risida batafsil ma’lumot talab qilishgan.

Kecha AQSh o‘nlab shaxslar va tashkilotlarga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etgan. Ularning orasida Rossiya, Ozarboyjon va Belarus fuqarolari bor.

Shuningdek, sanksiya paketiga Ozarboyjon, Belgiya, Xitoy, Slovakiya, Turkiya va BAA kompaniyalari kiritilgan. Vashington qo‘llangan cheklovni shaxslar va kompaniyalar Moskvaga sanksiyalarni aylanib o‘tib, xorijda asbob-uskunalar xarid qilishda yordam bergani bilan tushuntirgan.

AQShning Rossiyaga ayblovi

AQSh Rossiyani Ukrainadagi urushda kimyoviy qurollardan foydalanayotganlikda ayblamoqda.

Rossiya armiyasi Ukrainada kimyoviy qurollardan foydalanish to‘g‘risidagi xalqaro taqiqni buzmoqda, deya bayonot bergan chorshanba kuni AQSh davlat departamenti.

Davlat departamentiga ko‘ra, jang maydonlarida Rossiya kuchlari ukrain askarlariga qarshi Kimyoviy qurolni taqiqlash bo‘yicha tashkilot tomonidan taqiqlangan xlorpikrin — bo‘g‘uvchi va ko‘zdan yosh oqizuvchi moddadan foydalanmoqda.

Ilk marta Birinchi jahon urushi davrida Germaniya tomonidan ishlatilgan xlorpikrin bug‘lari teriga va shilliq qavatlarga ta’sir qiluvchi suyuqlik bo‘lib, yirik konsentratsiyalarda diafragma mushaklarining nazoratsiz qisqarishiga duchor qiladi.

Rossiya armiyasi tomonidan bunday kimyoviy moddalardan foydalanish «cheklangan epizodlar» emasligi, «ukrain kuchlarini ular egallab turgan mustahkam pozitsiyalardan siqib chiqarish va jang maydonida taktik muvaffaqiyatlarga erishish» maqsadida qo‘llanayotgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.

Top