Jamiyat | 12:34 / 08.08.2018
23790
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan BO‘SM: Chempionlar maktabi

Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi Respublikamizdagi nufuzli muassasalardan biri. Mazkur dargohdan ko‘plab paralimpiya, jahon va qit'a chempionlari yetishib chiqqan.

Shahar markazida faoliyat olib boruvchi sport dargohiga kirib borganimda juda ko‘plab ota-onalarning o‘z farzandlarini mashg‘ulotlarga olib kelib, ularning sport bilan shug‘ullantirishiga jiddiy e'tibor berayotganiga e'tibor qaratdim. BO‘SMda ota-onalar uchun alohida kutish xonalari ham tashkil qilingan.

400 nafarga yaqin o‘quvchi-sporchilar shug‘ullanayotgan maskanda – akademik eshkak eshish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, eshkak eshish slalomi, suzish, sinxron suzish, suvga sakrash bo‘limlarida 38 ta guruhlar ish olib boradi. Guruhlarning 18 tasi sportga kamolotga erishish bo‘yicha, 20 tasi esa o‘quv-mashq mashg‘ulotlarini o‘tkazib bormoqda.

Ilhomjon Ergashboyev rahbarlik qilayotgan sport maktabida 29 nafar tajribali murabbiy faoliyat yuritib kelmoqda. Ular orasida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy” unvoni sohiblari, birinchi toifali ustozlar bisyor.

Yuqorida aytganimizdek, muassasada tarbiyalanuvchilari tomonidan erishilgan yutuqlarni sanab o‘tish uchun sahifalar kerak bo‘ladi. O‘tgan iyun oyi Germaniyaning Berlin shahrida paralimpiyaning suzish turi bo‘yicha jahon seriyasiga kiruvchi musobaqada qatnashgan sport maktabida kamol topayotgan tarbiyalanuvchilar 1 ta jahon va 2 ta Osiyo rekordlarini o‘rnatishdi va ular Indoneziya davlatida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishdi. Sportchilar Firdavsbek Musabekov 50 metrlik brass musobaqalarida kumush, 200 metr brass yo‘nalishida jahon rekordini, Muzaffar Tursunxo‘jayev 200 metr batterflyay musobaqalarida Osiyo rekordini yangiladi.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Suv parisi - 2018” xalqaro turnirida sport maktabining o‘quvchi-sportchisi Ruxsora Qobiljonova 2 ta bronza medallariga ega bo‘ldi.

Mavzuga oid