11:34 / 27.04.2024
2467

Ukraina agrosiyosat vaziri Solskiy garov evaziga ozod qilindi

Nikolay Solskiy 7,35 million dollarlik davlat yerlarini noqonuniy egallab olganlikda va 4,8 million dollarlik yerni olishga urinishda ayblanmoqda. U aybini rad etyapti.

Foto: Pacific Press/picture alliance

Ukrainaning agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri, davlat yerlarini noqonuniy egallab olganlikda ayblangan Nikolay Solskiy Korrupsiyaga qarshi oliy sud qarori bilan tayinlangan 75,7 million grivna (1,9 million dollar) miqdorida garov puli evaziga ozod qilindi va o‘zining rasmiy vazifalarini bajarishda davom etmoqda. Bu haqda 26 aprel, juma kuni vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Bir necha soat oldin sud Solskiyni 24 iyunga qadar hibsda qoldirishga qaror qilgandi.

Solskiy 12 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin, deb xabar berdi Reuters. Vazir o‘z aybini tan olmayapti. Ta’kidlanishicha, gap 2017 yildan 2021 yilgacha, ya’ni Nikolay Solskiy 2022 yil mart oyida agrosiyosat vaziri lavozimiga tayinlanishidan oldin sodir etilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyat haqida ketmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Solskiy 291 million grivna (7,35 million dollar) qiymatidagi davlat yerlarini noqonuniy ravishda egallab olgan va qiymati 190 million grivna (4,8 million dollar)ga teng yerni olishga uringan. 

Jinoiy sxema doirasida ikki davlat shirkatidan yerlar noqonuniy olib qo‘yilgan va urush faxriylariga ayrim xususiy firmalarga ijaraga berish sharti bilan taqdim etilgan, deb hisoblaydi prokuror. Nikolay Solskiy va uning advokati 25 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida u bunday sxemadan foyda olmaganini aytdi. 

Solskiyning iste’foga chiqish haqidagi arizasi 

Bir kun avval Ukraina Oliy radasi spikeri Ruslan Stefanchuk Facebook’da Solskiy iste’foga chiqqanini ma’lum qilgan edi. Stefanchuk fotonusxasini o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan ariza bo‘lajak yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqiladi, deyiladi postda. 

Iste’fo Ukraina parlamenti tomonidan tasdiqlanmaguncha, Solskiy rasman vazir lavozimida qoladi.

Zelenskiy kabinetidagi korrupsiya mojarolari 

Reuters xabariga ko‘ra, Nikolay Solskiy Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kabinetida korrupsiya ishi bo‘yicha gumonlanuvchiga aylangan birinchi vazir bo‘ldi. 

2023 yilning yozida Ukrainaning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov atrofida korrupsiya mojarosi avj oldi. Xususan, Ukraina OAV 2022 yil oxirida mamlakat Mudofaa vazirligi turk kompaniyasi bilan harbiy xizmatchilar uchun qishki kiyim-kechak yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgani, biroq Ukrainaga jo‘natish narxi uch baravarga oshgani haqida yozgan. O‘shanda Reznikovning o‘zi bunday ma’lumotlarning tarqalishi «jamiyatni chalg‘itishi» haqida aytdi.

Bundan oldinroq, 2023 yil yanvarida Ukrainadagi bir qator yuqori martabali harbiy amaldorlar harbiy xizmatchilar uchun oziq-ovqat supermarketlardagidan 2-3 baravar qimmatroq narxda xarid qilingani yuzasidan jurnalistik surishtiruvdan so‘ng o‘z lavozimlaridan chetlashtirildi. Reznikov o‘shanda korrupsiyaga qarshi kurash organlari faoliyatidagi «muvaffaqiyatsizlik»ni tan oldi.

Top